Prezident tashabbusi bilan birlamchi tibbiy xizmatni takomillashtirish, inson qadri va hayot sifati ustuvor yo‘nalishga aylantirildi. Endilikda oilaviy shifokorlar va hamshiralar uchun yangi ish tartibi, maosh tizimi va mahalla tibbiyoti konsepsiyasi joriy etiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida birlamchi tibbiy xizmatda keng ko‘lamli islohotlar boshlangani e’lon qilindi. Endi oilaviy shifokorlar va tibbiyot brigadalari o‘z faoliyatini ikki tomonlama shartnoma asosida yuritadi. Aholi esa o‘z oilaviy shifokorini erkin tanlash huquqiga ega bo‘ladi. Ushbu jarayonga xususiy sektor vakillari ham jalb qilinadi.
Tibbiy kafolatlar kuchayadi:
Kafolatlangan tibbiy xizmatlar paketi tasdiqlanib, unga kiruvchi barcha xizmatlar va dori vositalari to‘liq davlat budjeti hisobidan qoplanadi.
Tibbiy xodimlar soni oshiriladi:
Poliklinikalardagi akusher-ginekologlar soni ikki barobarga ko‘paytiriladi. Har 3 ming bola uchun 1 ta yangi pediatr shtati joriy etiladi. Endilikda birlamchi bo‘g‘inda yarim stavkali ish o‘rinlari bo‘lmaydi — barcha xodimlar to‘liq stavkada ishlaydi.
Poliklinikalar qayta tashkil etiladi:
Tumandagi mahalla va oilaviy shifokor punktlari optimallashtiriladi: aholisi 12 mingdan ortiq bo‘lgan joylarda 7 ta yirik poliklinika, qolgan hududlarda esa 27 ta kichik poliklinika tashkil etiladi. Markaziy poliklinika esa maslahat-tekshiruv markaziga aylantiriladi.
Maosh va natija asosida ustama:
-
Oilaviy shifokorlar bazaviy tarzda 500 dollar, hamshiralar esa 300 dollar maosh oladi.
-
Muvaffaqiyatli ishlagan, sog‘lomlashtirish bo‘yicha real natijaga erishgan mutaxassislarga qo‘shimcha ustamalar ajratiladi: shifokorga yana 500 dollar, hamshiraga 300 dollar.
-
Mavjud tizimda oilaviy shifokorlar 1500 dollargacha, hamshiralar esa 600–800 dollargacha oylik olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Prezident qayd etishicha:
“Bu oddiy maosh emas, inson qadri uchun yaratilgan sharoitdir. Ammo natija ham shunga munosib bo‘lishi shart.”
Endilikda har qanday yurak xuruji, insult, onalar yoki bolalar o‘limi, nogironlikka olib keluvchi surunkali kasallik holatlari – mahalladagi favqulodda holat sifatida baholanadi.
Bu yangiliklar orqali aholiga yaqin, mas’uliyatli va samarali tibbiy xizmat yaratishga qaratilgan tub o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.