Qozog‘iston bilan chegaradagi “G‘ishtko‘prik” bojxona posti qariyb ikki yillik rekonstruksiyadan so‘ng bugun qayta ochildi. Fuqarolar va transport vositalari post orqali bugun, 25-noyabr kuni soat 16:00 dan o‘ta boshlaydi.
Ochilish marosimida Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov, Qozog‘iston Moliya vaziri Madi Takiyev va ikki davlat bojxona organlari rahbarlari qatnashdi, deb xabar berdi Bojxona qo‘mitasi. Qozog‘iston tomonida bu postga “Jibek joli” o‘tkazish punkti to‘g‘ri keladi, ular ham bir vaqtda ochildi.

Post endi qancha odam o‘tkaza oladi
Bojxona qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, rekonstruksiyadan keyin postning bir sutkalik quvvati bir necha barobar oshdi:
- yo‘lovchilar — 30 mingdan 100 ming nafargacha;
- yengil avtomobillar — 600 tadan 3 ming tagacha;
- avtobuslar — 70 tadan 400 tagacha.
Post hududi 6 gektardan 9 gektarga kengaytirildi, nazorat yo‘laklari soni 4 tadan 18 taga, avtoturargoh sig‘imi esa 20 tadan 200 ta mashinaga yetkazildi.
Nima o‘zgardi
- yengil avtomobillarni ochmasdan tekshiradigan skaner o‘rnatildi — O‘zbekistonda bunday uskuna birinchi bo‘lib shu postda ishlay boshlaydi;
- endi nafaqat piyodalar, balki mashinalar uchun ham “yashil” va “qizil” yo‘laklar bor: deklaratsiya qilinadigan yuki yo‘qlar “yashil” yo‘lakdan tezroq o‘tadi;
- avtobuslar uchun alohida yo‘laklar ajratildi;
- avtoturargoh ustiga o‘rnatilgan quyosh panellari ham soyabon, ham postni elektr bilan ta’minlash vazifasini bajaradi.

Post qancha vaqt yopiq turdi
Toshkent viloyatining Toshkent tumanidagi “G‘ishtko‘prik” (“Chernyayevka” nomi bilan ham tanilgan) Qozog‘iston bilan chegaradagi eng gavjum o‘tish punktlaridan biri. U 2025-yil 5-fevralda to‘rt oyga yopilgan edi, biroq qurilish muddati bir necha bor uzaytirildi. Shu davrda Qozog‘istonga boradiganlar boshqa postlardan foydalanishga majbur bo‘ldi.




