Bolgariyadagi mehmonxona va xizmat ko‘rsatish sohasiga mavsumiy ishchilar 25-noyabr kuni Buxoroda tanlanadi. Ish beruvchi borish-qaytish aviachiptasi, yotoqxona va uch mahal ovqatni o‘z zimmasiga oladi.
Buxoro viloyati hokimligi ma’lum qilishicha, tanlov Migratsiya agentligi Buxoro hududiy filiali va “Getwork” xususiy bandlik agentligi hamkorligida o‘tkaziladi. Bolgariyalik ish beruvchining o‘zi Buxoroga kelib, nomzodlar bilan suhbat va imtihon o‘tkazadi.
Qanday sharoit taklif qilinmoqda?
E’longa ko‘ra, ishchilarga borish-qaytish aviachiptasi, bepul yotoqxona va kuniga uch mahal ovqat beriladi. Ish haftasi olti kunlik. Ish haqi miqdori e’londa ko‘rsatilmagan.
Kimlar qatnasha oladi?
Asosan mehmonxona va xizmat ko‘rsatish sohasida ishlay oladigan nomzodlar qabul qilinadi. Yosh chegarasi 18 yoshdan 50 yoshgacha, rus yoki ingliz tilini bilish talab etiladi.
Qayerga borish kerak?
Imtihon 25-noyabr kuni Buxoro shahri, Piridasgir ko‘chasi, 13-uyda joylashgan Kasbiy ko‘nikmalar markazi binosida o‘tadi. Ishtirok etish uchun e’londagi onlayn anketani to‘ldirish va belgilangan kuni markazga shaxsan kelish kerak. Qo‘shimcha ma’lumot uchun telefon: +998 87 429-11-66.




