Tadbirkorlarga mahsulot qadog‘i va yorliqlarini yangi o‘zbek alifbosiga o‘tkazish uchun bir yillik o‘tish davri berilishi mumkin. Onlayn do‘konlar va striming xizmatlari esa qonun kuchga kirgan kundan, 2027-yil 22-apreldan yangi alifboga o‘tishi kerak bo‘ladi.
Bu Adliya vazirligi 21-noyabr kuni muhokamaga qo‘ygan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida belgilangan. Hujjat yangilangan alifboni barcha sohalarga joriy etish tartibini belgilaydi va regulation.gov.uz portalida 6-dekabrgacha muhokama qilinadi. Hozircha bu loyiha, yakuniy muddatlar o‘zgarishi mumkin.
Qadoq va yorliqlar: uch bosqich
- 2027-yil 22-apreldan 2028-yil 22-aprelgacha qadoq va yorliqlarda eski va yangi alifbodan parallel foydalanish mumkin. Bu vaqtda dizayn va bosma qoliplarni bosqichma-bosqich yangilash taklif etilmoqda.
- 2028-yil 22-apreldan yangi buyurtma bilan chop etiladigan qadoq va yorliqlarda faqat yangi alifbo ishlatiladi.
- 2029-yil 22-aprelgacha eski alifboda bosilgan qadoqlarning mavjud zaxirasidan foydalanishga ruxsat beriladi. Qonuniy tamg‘alangan mahsulotni esa yaroqlilik muddati tugaguncha sotish mumkin.
Onlayn savdo va ilovalar
Marketpleyslar, buyurtma agregatorlari va raqamli striming xizmatlari qonun kuchga kirgan kundan — 2027-yil 22-apreldan yangi alifboga moslashtirilishi kerak. Bu elektron kataloglar va mahsulot tavsiflariga ham tegishli.
Banklar, soliq va bojxona tizimlarining mobil ilovalari, bankomat va terminallari interfeysi ham qonun kuchga kirgunga qadar yangi alifbo va imlo qoidalariga moslashtirilishi ko‘zda tutilgan.
Peshlavha va yo‘l belgilari
- davlat organlarining peshlavhalari uchun 2026-yil noyabrida reja-jadval tuziladi, qonun kuchga kirgach yozuvlar yangi alifboda tayyorlanadi;
- savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlaridagi o‘zgargan harfli yozuvlar 2027-yildan reja asosida yangilanadi;
- aeroport, vokzal, metro va avtobuslardagi yozuvlar, yo‘l belgilari va manzil ko‘rsatkichlari ham 2027-yildan bosqichma-bosqich almashtiriladi;
- elektron tablolar, media ekranlar va axborot kiosklaridagi matnlar qonun kuchga kirgan kundan yangi alifboda chiqadi.
Tadbirkorga yordam bo‘ladimi
Loyihada 2026–2027-yillarda tadbirkorlar uchun seminarlar o‘tkazish, korxonalar uchun alifbo, imlo qoidalari va hujjat rasmiylashtirish bo‘yicha elektron qo‘llanmalar tayyorlash taklif etilgan.
Eslatib o‘tamiz, yangilangan alifbo bo‘yicha qonun 21-oktabrda imzolangan va 2027-yil 22-apreldan kuchga kiradi. Eski harfli pasport va hujjatlar o‘z kuchini yo‘qotmasligi haqida avvalroq yozgan edik.




