Toshkentdagi “G‘uncha” kinoteatri, “Dinap” suratga olish maydoni va Milliy kinofondning ma’muriy binosi ochiq savdoga chiqariladi. Tugatilayotgan Kinematografiya agentligi va uning tizimidagi tashkilotlarning jami 12 ta obyekti shu ro‘yxatga kiritildi.
Ro‘yxat Prezidentning 2026-yil 21-noyabrdagi PF–250-son Farmoniga 9-ilova sifatida tasdiqlangan.
Toshkent shahridagi obyektlar
- “G‘uncha” kinoteatri binosi — Shayxontohur tumani, Bog‘ ko‘cha mavzesi, 1-uy. Yer maydoni 0,1342 gektar, bino maydoni 842 kv. metr.
- Sobiq kinoteatr binosi — Chilonzor tumani, O‘zbekfilm ko‘chasi, 2A-uy, A-blok (465 kv. metr).
- O‘zbekiston milliy kinofondining ma’muriy binosi — Chilonzor tumani, O‘zbekfilm ko‘chasi, 2-uy, B-blok. Yer 0,91 gektar, bino 1 690 kv. metr — ro‘yxatdagi eng katta bino.
- Sobiq kinoprokat korxonasi binosi — Chilonzor tumani, Qatortol ko‘chasi, 171-uy. Yer 1 gektar, bino 1 436,89 kv. metr.
- Agentlikning Toshkent shahar hududiy bo‘limi binosi — Chilonzor tumani, Beshyog‘och ko‘chasi, 1-berk ko‘cha, 9-uy (815 kv. metr).
“Dinap” va viloyatlardagi obyektlar
Ro‘yxatdagi eng katta yer maydoni — Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanining Nanay qishlog‘idagi “Dinap” suratga olish maydoni. Uning hududi 5,2 gektar, undagi binolar maydoni 412,12 kv. metr.
Viloyatlardan Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanidagi “Qo‘shrabot” kinoteatri binosi (760 kv. metr), shuningdek, agentlikning Andijon, Navoiy, Buxoro, Namangan va Xorazm viloyatlaridagi hududiy bo‘limlari ma’muriy binolari savdoga qo‘yiladi.

Ayrim obyektlar sotilmasligi mumkin
Ro‘yxatdagi to‘rt obyekt — Chilonzordagi sobiq kinoteatr, “Qo‘shrabot” kinoteatri, agentlikning Toshkent shahar va Andijon viloyati hududiy bo‘limlari binolari davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida foydalanishga berish bosqichida turibdi. Ularni savdoga chiqarish masalasini Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Madaniyat vazirligi hal qiladi.
Hujjatga ko‘ra, ro‘yxatga Prezident Administratsiyasi bilan kelishilgan holda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi qarori bilan o‘zgartirish kiritilishi yoki undan obyektlar chiqarilishi mumkin. Kadastr hujjatlari bilan ro‘yxat o‘rtasida farq bo‘lsa, obyekt kadastr hujjatlari asosida sotiladi.
Nega sotilyapti
Prezident 26-oktabr kuni “O‘zbekfilm”da ijodkorlar bilan uchrashuvda Kinematografiya agentligini tugatish va kino sohasidagi vakolatlarni Madaniyat vazirligiga o‘tkazishni ma’lum qilgan edi. Vazirlik tarkibida Kino san’ati departamenti tuziladi. O‘shanda kino tizimidagi bo‘sh turgan davlat aktivlarini ochiq savdoga chiqarish ham topshirilgan.




