AQSH prezidenti Donald Tramp Shavkat Mirziyoyevga Vashingtondagi o‘zbek ayvonlari uchun minnatdorlik bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayvonlarni ikki asrlik tog‘ yong‘og‘i daraxtidan o‘zbek ustalari qurgan, bir yildan keyin ular shaharning eng gavjum joylaridan biriga aylanadi.
Tramp bu haqda 24-noyabr kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi. U Mirziyoyevni “O‘zbekistonning yuksak hurmatga sazovor prezidenti” deb atadi va ayvonlar AQSH mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan sovg‘a qilinganini eslatdi.
“Ayvonlar ajoyib ko‘rinyapti”
Tramp o‘tgan haftadagi ochilish marosimida “Marine One” prezident vertolyotida bog‘ ustidan uchib o‘tganini yozdi. Marosimda O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Furqat Sidiqov va AQSH ichki ishlar vaziri Dag Bergam qatnashgan.
“O‘zbek ustalari bir necha oy oilalaridan uzoqda bo‘lib, og‘ir ob-havo sharoitida bu ayvonlarni 200 yillik tog‘ yong‘og‘i daraxtidan mohirlik bilan qurishdi. Ular chinakam iste’dodli edi!”
Tramp sovg‘ani “shaxsiy” qilib saqlab qolmasdan, jamoatchilikka berganini ta’kidladi. Ayvonlar Tidal Basin ko‘li bo‘yida, Jefferson memoriali va Vashington monumentiga qaragan joyda turibdi.
“Bir yildan keyin Milliy qahramonlar bog‘i ochilganda bu ayvonlar shahardagi eng mashhur joylardan biriga aylanadi: turmush qurish taklifi, diplomatik qabullar, gilos gullash festivalidagi fotosessiyalar va har kungi sayrlar uchun.”
Tramp Vashingtondagi O‘zbekiston elchixonasi va o‘zbek ustalari bilan birga ishlagan AQSH Milliy parklar xizmatiga ham rahmat aytdi.
Ayvonlar qanday paydo bo‘ldi
Ikki an’anaviy o‘zbek ayvoni haqida ilk bor avgust oyida ma’lum bo‘lgan. O‘shanda AQSH Ichki ishlar vazirligi vakili Mirziyoyev ayvonlarni sovg‘a qilgani va Tramp ularni Amerika xalqi nomidan qabul qilganini tasdiqlagan. Ayvonlar 17-noyabr kuni Vashingtondagi West Potomac Park hududiga o‘rnatildi.
Elchi Furqat Sidiqov o‘shanda ayvonlar ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik ramziga aylanishini, sayyohlar uchun o‘zbek madaniyati bilan tanishish, AQSHdagi o‘zbek diasporasi uchun esa madaniy tadbirlar o‘tkazish maskani bo‘lishini aytgan edi.
Tramp tilga olgan Milliy amerikalik qahramonlar bog‘i loyihasi hali dastlabki bosqichda. AQSH Adliya vazirligi avgust oyida sudga bog‘ hozircha “faqat dastlabki konsepsiya” ekanini ma’lum qilgan.




