Jahon chempioni Gukesh Jenevada Javohir Sindarovga qarshi birinchi partiyadan keyin vaqt tanqisligi, hal qiluvchi 17-yurish va durang qayd etilishidagi kutilmagan holat haqida gapirdi. Partiya 38 yurishda durang bilan yakunlangan.
Matchni Jarayon’da jonli kuzatingHar bir yurish, ikkala o‘yinchining soati, kompyuter bahosi va o‘z variantingizni yurib ko‘rish imkoniyatiJonli taxtani ochish“Taxta ortida xuddi uydagidek”
“Eng osoni — borib o‘ynash. Undan oldin juda ko‘p o‘ylash, juda ko‘p ishlash kerak bo‘ladi. O‘yinga kelganingda esa xuddi uyingdagidek bo‘lasan, ko‘p yillardan beri o‘ynab kelayotgan o‘yining — o‘zingni xavfsiz his qilasan. Undan oldingi hayajon va shov-shuvni ko‘tarish biroz qiyinroq.”

Vaqt tanqisligi
Gukesh partiya davomida vaqt bo‘yicha raqibidan ancha ortda qoldi. Birinchi 40 yurish uchun ikki soat beriladi, lekin 40-yurishgacha har yurishga qo‘shimcha vaqt qo‘shilmaydi. Chempion vaziyatni shunday baholadi:
“Menimcha, doim nazoratda edim, xavotirlanishim kerak bo‘lgan holatga tushmadim. Vaqt tanqisligiga tushganimda keyingi bir necha yurishni oldindan o‘ylab qo‘ygandim. Vaqt sarflab, yaxshi yechim topganimdan xursandman, undan keyingi yurishlar ancha oson bo‘ldi.”
“Albatta, juda tez o‘ynamadim, balki biroz sekin o‘ynadim. Lekin pozitsiya talab qilgan narsani qildim va bir nechta yaxshi yurish topdim. Sekinlashib qolganimni sezib, oxirida tezlashdim.”

Hal qiluvchi 17-yurish
“Asosiy nuqta 17-yurish bo‘ldi. U b3 ni o‘ynagandan keyin filni b4 ga qo‘yish va keyin h6 juda muhim edi. Hech bo‘lmaganda o‘yin paytida buni aniq yurish deb hisobladim va topish uchun ko‘p vaqt sarfladim. Aks holda otning g5 va d4 ga chiqishini qanday to‘xtatishni bilmasdim.”
Gukesh Sindarovning 13-yurishini yetarlicha baholamaganini ham tan oldi: “Bu yurish mumkinligini ko‘rgandim, lekin uni biroz past baholadim. Ammo bu endshpildagi odatiy yurishlardan biri.” Oxirgi bosqichda esa u o‘zini biroz optimistik his qilgan: “Shohni f6 ga qo‘yganimda o‘zimni xavfsizdan ham ko‘proq deb o‘ylagandim. Lekin u ruxni h5 ga o‘tkazgach, hech narsa yo‘qligini tushundim.”
Durang nega kechikdi
Partiya oxirida pozitsiya bir necha bor takrorlandi, lekin durang darhol qayd etilmadi. Sindarov noto‘g‘ri paytda durang talab qilgani uchun hakam undan ikki daqiqa vaqt ayirdi. Gukesh vaziyatni shunday tushuntirdi:
“Uch marta takrorladik, qaysi yurishda bo‘lishining farqi yo‘q deb o‘ylagandim. Lekin qoidaga ko‘ra durangni to‘g‘ri yurishda taklif qilish kerak ekan. Shuning uchun yana ikki yurish qildim va durang taklif qildim. Qoida — qoida.”

Raqib va zal haqida
“Menimcha, ikkalamizning odatlarimiz o‘xshash. U oyog‘ini qimirlatib turadi, men ko‘zimni yumaman. Bu faqat shu bahsda emas, har qanday turnirda shunday. Taxta ortida shunday o‘zini tutamiz.”
“Bu haqda ongli ravishda o‘ylamaysan, lekin ko‘p odam kuzatayotgani, faqat bitta partiya o‘ynalayotgani albatta xayolingda bo‘ladi. Sportchi sifatida turli sharoitga moslashib, eng yaxshi o‘yiningni ko‘rsatish kerak. Men shunga harakat qilyapman.”
Zaldagi tomoshabinlar haqida Gukesh shunday dedi: “Singapurdagi shisha kubda xonada bundan ham kam odam ko‘rardim, shuning uchun bu yoqimli o‘zgarish. Muxlislar o‘yinchilarni yaqindan ko‘rishi yaxshi.”
Keyingi o‘yin: 2-partiya bugun, 25-noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da boshlanadi. Unda Gukesh oq donalarda o‘ynaydi. Partiyani Jarayon.uz bosh sahifasida jonli kuzatishingiz mumkin. Birinchi partiya yurishlari — bu yerda.




