Tadbirkorlik subyektlari uchun elektr va gaz iste’moli bo‘yicha 15 foizlik oldindan to‘lov tartibi hamma tadbirkorga emas, faqat “namunali iste’molchi” maqomidagilarga tegishli. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Namangan filiali 23-noyabrda bu haqda rasmiy izoh berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tartib to‘liq joriy etilmayotgani va ayrim hududlarda 100 foiz oldindan to‘lov talab qilinayotgani aytilgan edi. Filial bu xabarlarga javob berib, tartib Prezidentning 2026-yil 22-sentabrdagi PF-202-son Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi 319-son qaroriga kiritilgan o‘zgartirishlarga asoslanishini ma’lum qildi.
Kimlar 15 foizlik tartibdan foydalanadi?
Faqat “namunali iste’molchi” maqomiga ega tadbirkorlar. Buning uchun hisoblagich masofadan boshqarish imkoniyatiga ega va elektr uchun EHNAT, gaz uchun TGNHAT tizimiga ulangan bo‘lishi, muddati o‘tgan qarz bo‘lmasligi va foydalanish qoidalari buzilmagan bo‘lishi kerak.
Prezidentning 2026-yil 27-avgustdagi PF-175-son Farmoniga ko‘ra, oxirgi ikki oy davomida to‘lov intizomiga rioya qilmagan subyektlar bu qoidadan chiqariladi. Farmon normasi 2026-yil 1-noyabrdan kuchga kirgan.
Imtiyozdan foydalanish huquqi EHNAT va hisob-kitob ma’lumotlari asosida avtomatik aniqlanadi, alohida ariza talab qilinmaydi.
To‘lov qanday tartibda amalga oshiriladi?
Namunali iste’molchi hisobot oyi uchun shartnoma qiymatining 15 foizini oy boshlanishigacha to‘laydi. Qolgan to‘lovlar oy davomida ixtiyoriy, qismlarga bo‘lib amalga oshiriladi. Shaxsiy hisobvaraqdagi mablag‘ tugab, ta’minot avtomatik to‘xtasa, bu to‘lov intizomini buzish hisoblanmaydi.
Namunali bo‘lmagan (maishiydan tashqari) iste’molchilar uchun elektr 100 foiz oldindan to‘lov asosida beriladi. Shartnoma asosida gaz oladiganlar ham 100 foiz oldindan to‘laydi, namunali iste’molchilar va issiqxona xo‘jaliklari bundan mustasno.
Imtiyozga huquqi bo‘lsa-yu, 100 foiz talab qilinsa nima qilish kerak?
Talablarga javob berib, tartibdan foydalana olmayotgan tadbirkorlar “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning rasmiy murojaat kanallariga, jumladan 1154 raqamiga murojaat qilishi mumkin. Filial tizimni joriy etish bo‘yicha texnik ishlar yakunlanganini bildirdi. Maqom qarzdorlik, hisoblagichga aralashish yoki noqonuniy foydalanish holatlarida yo‘qotiladi va shartlarga qayta mos kelganda keyingi hisobot oyidan avtomatik tiklanadi.
Izoh filialning Telegram kanalidagi postida e’lon qilingan.



