Elektron pochta: jarayonuz@gmail.com

Kurs UZS USD 12 072.03 +33.35 EUR 14 016.83 −27.49 RUB 148.01 +1.39

​​​​​​​Piskent poligonining yopilishi import miqdorini oshirdi

2025 yilning sentabr oyida O‘zbekistonga qiymati 167,1 mln dollarlik 14 ming 171 dona yengil avtomobil import qilindi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasining oylik hisobotida keltirilgan.

 

Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning mos davrida 74,2 mln dollarlik 6 ming 355 dona yengil avtomobillar importi amalga oshirilgan. Sentyabr oyida avtomobil importi qiymat jihatdan 2,25 barobarga, miqdor jihatdan esa 2,22 barobarga oshgan.

 

Miqdor jihatdan eng katta o‘sish elektromobillar importida kuzatilgan – 3,5 barobar. Benzinli yengil avtomobillar importi ham 48 foizga oshgan. O‘z navbatida gidrid avtomobillar importi qisqarishda davom etyapti. Sentyabrda bu ko‘rsatkich – 5,8 barobar bo‘lgan.

 

O‘tgan oyda avtomobil olib kirishning keskin o‘sishi import moshinalarni Piskentdagi avtopoligonda sinovdan o‘tkazish amaliyoti bekor qilinishi fonida yuz berdi. Shu paytgacha O‘zbekistonga jismonan olib kirilgan, lekin «import» sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan avtotransport vositalarining mamlakatga kirishi tezlashgan bo‘lishi mumkin.

 

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 1 noyabrdan boshlab import qilingan avtomobillarni bojxona hududida emas, Piskentdagi poligonda texnik sinovlardan o‘tkazish boshlangandi. Shuningdek, yakka tartibda yoki xususiy tadbirkorlar tomonidan import qilinadigan mashinalar uchun elektromagnit moslashuvchanlik tekshiruvi ham joriy qilindi. Avtopoligonning mavjud quvvati real talabdan bir necha barobarga kamligi import hajmining keskin qisqarishiga ta’sir o‘tkazib kelayotgandi.