Elektron pochta: jarayonuz@gmail.com

Kurs UZS USD 12 067.76 −70.91 EUR 14 141.00 −35.75 RUB 145.64 +0.28

Indoneziya G‘azoga 20 ming askar jo‘natishga tayyor ekanligini bildirdi

Seshanba kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasining 80-sessiyasida nutq so‘zlagan Indoneziya prezidenti Prabovo Subianto mamlakat G‘azoga 20 ming tinchlikparvar kuchlarini yuborishga tayyorligini ma’lum qildi.

 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Indoneziya BMT tinchlikparvarlik missiyalariga eng katta hissa qo‘shayotgan davlatlardan biri sifatida «tinchlik himoyachilarga muhtoj bo‘lgan joyda xizmat qilishda» davom etadi.

 

«Agar Xavfsizlik kengashi va ushbu assambleya qaror qilsa, Indoneziya G‘azoda yoki Falastinning boshqa joylarida qo‘shma ko‘p tomonlama kuchlarning bir qismi sifatida tinchlik o‘rnatishga yordam berish uchun 20 000 yoki undan ortiq qo‘shinni yuborishga tayyor, bu ikki davlat yechimini shunchaki orzu emas, balki haqiqatga aylantirish uchun kerak», dedi Prabovo.

 

Uning qo‘shimcha qilishicha, zo‘ravonlik siyosiy mojarolarni hal qilish vositasi bo‘la olmaydi.

 

«Zo‘ravonlik hech qanday siyosiy mojaroga javob bo‘la olmaydi, chunki u ko‘proq zo‘ravonlikni keltirib chiqaradi. BMT bu falokatni to‘xtatish uchun qat’iy pozitsiyani egallashi kerak. Aks holda, dunyo cheksiz urushlar va zo‘ravonlik kuchayib borayotgan xavfli vaziyatga tushib qoladi», — dedi prezident.

 

Indoneziya rahbari o‘z mamlakatining mustamlakachilik o‘tmishini esladi. «Biz o‘z yurtimizda itdan ham qadrsizroq odamlar edik», dedi u Niderlandiya zulmini eslab. U aynan shuning uchun indoneziyaliklar adolatsizlik, aparteid va mahrumlik ostida yashash nimani anglatishini bilishini qo‘shimcha qildi.

 

«Biz mustaqillik uchun kurashda, ochlik, kasallik va qashshoqlikni yengishda hamjihatlik nima qilishi mumkinligini ham bilamiz. Bunda BMT ko‘magi juda muhim», — dedi prezident.

 

Mahalliy Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil oktyabr oyida Isroil hujumlari boshlanganidan beri G‘azoda 65 300 dan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, ularning aksariyati ayollar va bolalardir. Uzluksiz portlashlar sektorni yashash uchun yaroqsiz holga keltirdi, bu ocharchilik va kasalliklarning tarqalishiga olib keldi.