22 sentabr kuni bo‘lib o‘tadigan BMT anjumanida o‘n mamlakat vakillari Falastin davlatini tan oladi. Bu haqda Yelisey saroyida bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qilindi.
«O‘nta mamlakat Falastin davlatini tan olish niyatida», – dedi Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning maslahatchisi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Fransiya bilan birgalikda Andorra, Avstraliya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Kanada, Lyuksemburg, Malta, Portugaliya va San-Marino Falastinni tan oladi.
Fransiya prezidentining maslahatchisi shuningdek, Isroilning Iordan daryosi g‘arbiy qirg‘og‘idagi Falastin yerlarini egallashga urinishini «qizil chiziq» deb atadi.
Falastin BMTga a’zo 148 davlat tomonidan tan olingan. Dunyoning 95 mamlakatida Falastin elchixonalari va doimiy vakolatxonalari faoliyat yuritadi.