Donald Tramp O‘zbekistonga tashrif buyurgan ilk AQSh prezidenti bo‘lishi mumkin. Bu haqida Amerikaning “Eurasianet” nashri “Donald Tramp Markaziy Osiyoga tashrif buyurgan birinchi AQSh prezidenti bo‘lishi mumkinmi?” sarlavhasi ostida maqolada ma’lum qildi.
Unda 5 sentabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va AQSh Prezidenti Donald Tramp o‘rtasidagi telefon muloqoti batafsil yoritilgan.
Suhbat chog‘ida Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni O‘zbekistonga “o‘zi uchun qulay vaqtda” tashrif buyurishga taklif qilgan. Biroq Eurasianet manbalariga ko‘ra, 9 sentabr holatiga bu borada yakuniy qaror hali qabul qilinmagan.
Maqolada qayd etilishicha, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda AQSh bilan siyosiy va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishda eng faol davlat sifatida ko‘rilmoqda. Aprel oyida tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiya Oq uyga rasmiy taklifni yetkazgan. AQShning Toshkentdagi elchisi Jonatan Henik mazkur taklifning “ijobiy qabul qilinganini” bildirgan.
Shuningdek, Eurasianet O‘zbekistonning AQSh uchun muhim bo‘lgan strategik yo‘nalishlardan biri — tanqis foydali qazilma resurslari salohiyatini faol targ‘ib qilayotganini ta’kidladi. Xususan, o‘tgan bahorda o‘zbek delegatsiyasi Amerika kompaniyalari bilan konchilik sohasida bir qator shartnomalar imzolagan.
Ma’lumot uchun, Shavkat Mirziyoyev 2018-yilda Donald Trampning birinchi prezidentlik davrida Oq uyga tashrif buyurgan edi. O‘shanda Tramp uni “yuqori hurmatga sazovor inson” deb ta’riflagan.
Markaziy Osiyo esa hozirgacha amaldagi AQSh prezidenti tashrif buyurmagan yagona mintaqa bo‘lib qolmoqda.