Shopping cart

Sayt xodimlari o‘z oldiga yurtimizda va jahonda ro‘y berayotgan eng muhim voqea-hodisalar haqida tezkor, aniq va xolis axborot berishni o’z oldiga oliy maqsad qilib qo‘ygan.

  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • Xitoy elektromobili haydovchilarga odobsizlarga “shippak uloqtirish” imkonini beradi
Fan-texnika

Xitoy elektromobili haydovchilarga odobsizlarga “shippak uloqtirish” imkonini beradi

Malika Haqqiyeva 11.08.20252 daqiqa o'qiladi
180

Xpeng kompaniyasi P7 elektrosedanning ikkinchi avlodini taqdim etdi. Unda yo‘lda paydo bo‘ladigan asabiylikka qarshi noodatiy funksiya joriy qilingan. Endi haydovchilar odobsizlarga qo‘pol imo-ishoralar ko‘rsatish o‘rniga ularga virtual tarzda shippak, tarvuz yoki hatto cho‘chqa uloqtirishlari mumkin.

Yangi Xpeng P7 — oddiy avtomobil emas, balki 28 ming dollardan boshlanadigan haqiqiy “g‘ildirakli gadjet”. Uzunligi 5 metrdan biroz ortiq sedan bir quvvat bilan 820 km masofani bosib o‘tadi, 100 km/soat tezlikka esa 3,7 soniyada chiqadi. Komplektatsiyasiga qarab, quvvati 276 yoki 473 ot kuchi bo‘lishi mumkin. Ammo eng asosiy yangilik tezlikda emas, balki 87 dyuymli AR-HUD (kengaytirilgan haqiqat proyeksion displeyi) ekranida.

Aynan shu ekran orqali “Anti-yo‘l jahli” deb nomlangan antistress funksiyasi ishlaydi. Agar biror haydovchi sizni kesib o‘tsa yoki o‘zini noo‘rin tutsа, P7 egasi virtual “snaryad” tanlab, uni aniq nishonga yo‘naltirishi mumkin. Arsenalda uy shippaklari, pishgan tarvuzlar va hattoki cho‘chqachalar bor. Albatta, bu faqat ekrandagi vizual effekt, ammo psixologik yengillik kafolatlanadi.

Xpeng kompaniyasi rahbari Xe Syaopen bu yondashuvni shunday izohlaydi: “Biz madaniyatli odamlarmiz — qo‘yingki, g‘azab ham madaniyatli bo‘lsin”. Haqiqatdan ham, haqiqiy avariya keltirib chiqarishdan ko‘ra virtual shippak uloqtirish ancha xavfsiz.

Snaryadni AR-displeydagi menyu orqali, ruldagi tugmalar yordamida yoki ovozli buyruqlar bilan tanlash mumkin. Ishlab chiquvchilar jarayon haydovchini musiqani almashtirishdan ko‘ra ko‘proq chalg‘itmasligi uchun ham e’tibor qaratgan.

Xitoyliklar stressga qarshi kurashning o‘ziga xos usullarini yaxshi biladi. Tesla avtopilotga e’tibor qaratayotgan, boshqa ishlab chiqaruvchilar esa quvvat bo‘yicha musobaqalashayotgan bir paytda Xpeng inson omilini yumor bilan hal qildi. Axir yo‘lda sodir bo‘ladigan aksariyat YTH aynan haydovchilarning hissiy holatidan kelib chiqadi.

Ehtimol, aynan shu funksiya tufayli oldindan buyurtma qabul qilish boshlanganidan keyin atigi 6 daqiqada 10 mingta ariza kelib tushdi. Qachon boshqa avtomobillarda ham shunday imkoniyatlar paydo bo‘lishini esa vaqt ko‘rsatadi. Balki tez orada yo‘ldagi virtual “janglar” yangi sport turiga aylanar: u sizga chirigan pomidor, siz unga virtual go‘ng lopatasi. Eng muhimi — haydovchilar o‘yinga berilib, boshqaruvning o‘zini unutib qo‘ymasligi kerak.

#elektromobillar
#xpengp7
#antistress
#AR-HUD

Leave a Reply

Sizning elektron pochta manzilingiz e'lon qilinmaydi. Kerakli maydonlar belgilanadi *