Toshkent viloyatining Zangiota tuman sudi 18 yoshli Asqar Gulmatovning o‘ldirilishi bo‘yicha 17 yoshli keleslik yigitni aybdor deb topib, uni umumiy tartibdagi koloniyaga 8 yilga ozodlikdan mahrum qildi.
Sud jinoyatni Jinoyat kodeksining 97-moddasi (“qasddan odam o‘ldirish”) bo‘yicha malakalashtirdi. Sud hukmiga ko‘ra, ayblanuvchining voyaga yetmaganligi inobatga olinib, unga 8 yillik jazo tayinlandi.
Jinoyat 12-fevral kuni Keles shahridagi “Ozodlik” mahallasida sodir bo‘lgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ayblanuvchi spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan va marhumning qorni va orqasiga jami 12 marotaba pichoq sanchgan.
Millar teleko‘rsatuvining ma’lumotiga ko‘ra, sud jarayonida ayblanuvchi sog‘lig‘i sababli masofadan ishtirok etdi.
Sud jarayoni davomida marhumning yaqinlari ishga shubha bilan qarab, boshqa gumonlanuvchilar ham bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashdi.
Gulmatovning onasi sudda bir necha kishining ishtiroki ehtimolini ilgari surdi. Unga ko‘ra, o‘g‘li 10–15 kishilik guruh tomonidan kaltaklangan, ulardan biri uyga borib oshxona pichog‘ini olib kelgan va oʻgʻlini oʻldirgan.
Jabrlanuvchi tomon advokatining aytishicha, Gulmatov olgan jarohatlar — xususan hayotiy a’zolarga qaratilgan pichoq zarbalari — jinoyatning “ayniqsa shafqatsizlik” bilan sodir etilganidan dalolat beradi.
Sud hukmi hali kuchga kirmagan. Ayblanuvchi uni apellyatsiya tartibida shikoyat qilishi mumkin. Shu bilan birga, marhumning oilasi tergovni davom ettirish va voqeada ishtirok etgan barcha shaxslarni aniqlashni talab qilmoqda.