Poytaxtda o‘tkazilgan “Tigʻ” nomli maxsus profilaktik tadbirlar natijasida fuqarolardan 1700 dan ortiq sovuq qurol va shu turdagi xavfli buyumlar aniqlanib, musodara qilindi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar berdi.
“Xavfsiz va sogʻlom mamlakat” kompleks operatsiyasining ikkinchi bosqichi doirasida o‘tkazilgan 21 kunlik tadbir davomida 1631 nafar shaxs ustidan sovuq qurol yoki shu turdagi buyumlarni noqonuniy olib yurganlik holatlari aniqlangan.
Tadbirlar chog‘ida jami 1715 ta turli xavfli buyumlar musodara qilindi. Ulardan 1614 tasi pichoq, 17 tasi kastet, 19 tasi tayoq (bita), 7 tasi pnevmatik qurol, 2 tasi elektroshoker, qolgan 56 tasi boshqa xavfli vositalar bo‘lgan.
Huquq-tartibot idoralari ushbu tadbirlar orqali ko‘plab jinoyatlarning oldi olinganini qayd etmoqda.
Toshkent shahar IIBB fuqarolarga sovuq qurol yoki uni almashtiruvchi vositalarni noqonuniy olib yurish 1 dan 5 tagacha bazaviy hisoblash miqdorida jarimaga tortilishi, shuningdek, qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa choralar qo‘llanilishi mumkinligini eslatib oʻtgan.
Profilaktik tadbirlar poytaxtning barcha tumanlarida davom etmoqda.