Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi funksiya sun’iy intellekt bilan sog‘lom va xavfsiz muloqot muhitini yaratishga xizmat qiladi.
OpenAI kompaniyasi ChatGPT sun’iy intellekt tizimiga foydalanuvchilar salomatligi va sog‘lom muloqotni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi funksiya – tanaffus eslatmalarini joriy etmoqda.
Bu haqda Oxu.Az OpenAI’ning rasmiy saytiga tayanib xabar berdi.
Yangi funksiya orqali ChatGPT uzoq suhbatlar davomida foydalanuvchilarga “qalqib chiquvchi” oynalar ko‘rinishida yumshoq eslatmalar beradi. Eslatmalarda muloqotni davom ettirish yoki tanaffus qilish bo‘yicha tanlov taklif etiladi. Misol uchun: “Shunchaki tekshirib ko‘ryapman. Anchadan beri suhbatlashyapsiz – balki dam olish vaqti kelgandir?”
OpenAI ushbu tizim foydalanuvchiga sog‘lom va muvozanatli sun’iy intellekt tajribasini taqdim etish, u bilan muloqotni yanada mas’uliyatli qilishni maqsad qilganini bildirgan.
Bungacha bir qator ommaviy axborot vositalari ChatGPT ayrim holatlarda foydalanuvchilarga haddan tashqari ijobiy javob berishi yoki xatoliklarga yo‘l qo‘yishi mumkinligi haqida xabar bergan edi. Jumladan, ruhiy tushkunlik holatidagi shaxslarga berilgan ba’zi javoblar jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligi ta’kidlangan.
Shu bois OpenAI xavfli savollar yuzasidan chatbot ehtiyotkorlik bilan javob berishini ta’minlashga kirishdi. Endilikda u bevosita maslahat berish o‘rniga, foydalanuvchining fikrlashiga turtki bo‘ladigan savollar orqali muloqotni davom ettiradi.
Yangi tanaffus funksiyasi esa foydalanuvchilarga suhbat jarayonida fikrlarini qayta ko‘rib chiqish, axborotni tanqidiy baholash hamda ishonchliligini tahlil qilish imkonini berishni ko‘zda tutadi.