Toshkent metrosining yana 6 ta yer usti bekati vaqtincha yopiladi. Bu haqida “Toshkent metropoliteni” DUK axborot xizmati quyidagilarni ma’lum qiladi:
Toshkent metropolitenining Yer usti halqa yo‘nalishidagi 14 ta bekatdan iborat “Texnopark – Qipchoq” bekatlari va bekatlar oralig‘i qariyb bir necha yildan buyon yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Jahon tajribasidan kelib chiqqan holda, metro poyezdlar harakati va yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash hamda sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida, yer usti estakadalari va bekatlari ma’lum muddat foydalangandan so‘ng, rejali profilaktik ishlarni amalga oshirish lozim.
Rejali profilaktik ishlar amalga oshirish uchun 2025-yil 2-avgust sanasidan boshlab, 6 ta bekatdan iborat “Texnopark – Yangiobod” bekatlari oralig‘ida metro poyezdlar harakati to‘xtatiladi.
Toshkent metropoliteni yo‘lovchilarga noqulaylik hosil qilmaslik maqsadida, “Texnopark-Qipchoq-Texnopark” metro bekatlari oralig‘ida bepul xizmat ko‘rsatuvchi katta sig‘imli avtobuslar (metrobus) harakati yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu avtobuslarning kunlik ish vaqti tonggi 05:00 dan tungi 23:00 ga qadar amalga oshiriladi. -deyiladi tashkilotning xabarnomasida.