Toshkentdagi tungi klubda bir erkak kishi klub xodimasining yuziga paqildoq (xlopushka) otgani ortidan ayol jiddiy jarohat olib, shifoxonaga yotqizildi. Hodisa ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining xabar berishicha, voqea 17-iyul kuni taxminan soat 02:00 da Yashnobod tumanidagi tungi klublardan birida sodir bo‘lgan. 1980 yilda tug‘ilgan A.R. ismli erkak, shu klubda ishlovchi, 2000 yilda tug‘ilgan M.K. ismli ayolning yuziga paqildoq otgan.
Natijada ayolga “ko‘z olmasining og‘ir darajali kontuziyasi, yuqori qovoq, burun va peshona sohasining yumshoq to‘qimalari lat yeyishi hamda shilingan jarohati” tashxisi qo‘yilib, shifoxonaga yotqizilgan. Hozirda u shifokorlar nazoratida.
Yashnobod tuman IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Holat yuzasidan yakuniy qaror qonun doirasida qabul qilinadi, deyiladi rasmiy bayonotda.