Bugungi kunda yoshlar orasida nafaqat ingliz tili, balki boshqa xorijiy tillarni oʻrganish ham keng ommalashdi.Respublika boʻyicha 15 mingga yaqin oʻquv va 7,5 mingta kasbga tayyorlash markazlari mavjud.
2024-yili 150 mingdan ziyod yoshlar xalqaro til sertifikatlari olgan, bu 2023-yilga nisbatan 2baravar koʻp.
Yoshlarning xorijiy tillar va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha xalqaro darajadagi sertifikatlar olishda yuqori natijalarga erishishini qoʻllab-quvvatlash maqsadida,imtihon va oʻquv xarajatlarini qoplab berish tizimi joriy etilgan.
Quyida xarajatlarni qoplash tartibini batafsil tushuntirib oʻtamiz.
1. Qaysi test tizimlari xarajatlari qoplab beriladi?
Oʻqish va imtihon topshirish xarajati kompensatsiya qilinadigan xalqaro imtihon tizimlari roʻyxatiga 18 ta test kiritilgan, roʻyxat bilanbu yerda toʻliq tanishish mumkin.
Mazkur roʻyxatda xorijiy tillardan tashqari GMAT, GRE, SAT kabi test tizimlari ham mavjud.
2. Qanday murojaat qilinadi?
Arizani istalgan tuman (shahar)dagi davlat xizmatlari markazlari yoki mustaqil ravishda my.gov.uz orqali yuborish mumkin.
Har ikkala holatda ham elektron soʻrovnoma toʻldiriladi va toʻlov kvitansiyasi va maxsus sertifikat ilova qilinadi:
16 yoshga toʻlmagan shaxs nomidan uning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakili ariza berishi mumkin.
Oʻqish xarajatlarini ham qoplash soʻralganida esa oʻquv markazi bilan tuzilgan shartnoma nusxasi ilova qilinishi kerak.
Boshqa maʼlumot va hujjatlarni talab qilish mumkin emas.
3. Kimlar murojaat qilishi mumkin?
Imtihon topshirish paytida 31 yoshga toʻlmagan fuqarolar va Oʻzbekistonda doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar murojaat qilishi mumkin.
4. Kompensatsiya qaysi holatlarda toʻlab beriladi?
Oʻqish va imtihon uchun kompensatsiya quyidagi shartlar toʻliq bajarilganida toʻlab beriladi:
– imtihon uchun kompensatsiya soʻralganda:
imtihon boʻyicha belgilangan natija (kamida C1) qayd etilganda;
sertifikat olgandan keyin180 kalendar kun oʻtmasdan murojaat qilganda;
sertifikat haqiqiy boʻlganida, buni Yoshlar ishlari agentligi oʻzi tekshirib koʻradi;
oʻquv markazi bilan tuzilgan ikki tomonlama shartnoma ilova qilinganda(bu faqat oʻqish xarajatlarini ham soʻraganda talab qilinadi).
5. Qaysi holatlarda kompensatsiya berilmaydi?
Kompensatsiya quyidagi holatlarda toʻlanmaydi:
— soʻrovnoma xato toʻldirilganida, notoʻgʻri maʼlumotlar koʻrsatiganida;
—sertifikatning haqiqiy emasligi aniqlanganda, shuningdek test olgan tashkilot sertifikat haqiqiyligi boʻyicha soʻrovga javob bermaganida.
6. Bitta imtihon boʻyicha qayta kompensatsiya olish mumkinmi?
Ilgari imtihonning bir turi boʻyicha kompensatsiya olganlarga aynan shu imtihon boʻyicha yana takror kompensatsiya berilmaydi.
Boshqa imtihon boʻyicha sertifikat olsa, belgilangan talablar asosida yana kompensatsiya berilaveradi.
7. Kompensatsiya qayerdan olinadi?
Ariza berilayotgan vaqtda ariza beruvchiga qulay Xalq banki filiali tanlanadi. Kompensatsiya tasdiqlanganida uni bank filiali orqali naqd koʻrinishda yoki “Xazna” ilovasi orqali plastik kartaga oʻtkazib olish mumkin.