Korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda Bojxona qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Namangan viloyati bojxona boshqarmasining “Uchqo‘rg‘on” chegara bojxona postida xizmat qiluvchi inspektor pora olayotgan paytda qo‘lga olindi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, inspektor xorijdan olib kelingan 57 dona “iPhone 16 Pro Max” rusumli uyali aloqa vositalarini Toshkent xalqaro aeroportida xizmat qiluvchi boshqa bojxona xodimi orqali IMEI-kodi bo‘yicha rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazib berish evaziga har bir telefon uchun 100 AQSH dollaridan, jami 5 700 dollar talab qilgan.
Bundan tashqari, u fuqaroning chetdan kiyim-kechak olib kirishda deklaratsiya talablariga rioya qilmagani bo‘yicha choralar ko‘rmaslik evaziga yana 400 AQSH dollarini pora sifatida so‘ragan.
Rasmiy tergov ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 11 va 14-iyul kunlari inspektor jami 900 AQSH dollari (11 mln 317 ming so‘m) miqdoridagi pullarni o‘ziga va qarindoshiga tegishli bank kartalariga o‘tkazdirgan.
U 16-iyul kuni qo‘shimcha 1 000 AQSH dollari (12 mln 550 ming so‘m)ni qarindoshining bank kartasiga o‘tkazdirayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi hamda 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, inspektorga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.