Shopping cart

Sayt xodimlari o‘z oldiga yurtimizda va jahonda ro‘y berayotgan eng muhim voqea-hodisalar haqida tezkor, aniq va xolis axborot berishni o’z oldiga oliy maqsad qilib qo‘ygan.

Jahon

Rossiya—Ukraina urushi: soʻnggi tafsilotlar maʼlum qilindi

Gulhayo Naimova 04.07.20252 daqiqa o'qiladi
67

Rossiya va Ukraina o‘zaro artilleriya va dron hujumlari haqida rasmiy bayonotlar berdi. Har ikki davlat hududlarida 3-iyuldan 4-iyulga o‘tar kechasi yirik portlashlar, havo hujumlari va elektr uzilishlari kuzatildi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy hujumni “urush davom etayotganining navbatdagi isboti” deb atadi. Rossiya esa Ukraina dronlari tufayli bir necha viloyatlarda favqulodda vaziyat yuzaga kelganini bildirdi.

Prezident Zelenskiy o‘zining Instagram sahifasida 4-iyul tongida bayonot berib, kechasi bo‘lib o‘tgan hujumni Rossiyaning eng keng ko‘lamli havo hujumlaridan biri deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu safar asosiy nishon Kiyev shahri bo‘lgan.

“Rossiya tomonidan jami 550 ta nishon yo‘llandi. Ular orasida 330 dan ortiq “Shahed” dronlari, ballistik raketalar va boshqa turdagi zarba vositalari bo‘lgan. Havo xavfi signalimiz prezident Tramp va Putin telefon orqali gaplashgani haqidagi xabarlardan deyarli darhol keyin yangradi,” — dedi Zelenskiy.

Uning aytishicha, hujum Kiyev bilan cheklanmagan. Quyidagi shaharlarda ham portlashlar va zarbalar kuzatilgan:
— Dnepr
— Sumi
— Xarkov
— Chernigov viloyati
— Kiyev viloyati.

Rasmiylarga ko‘ra, hujumlar natijasida kamida 23 kishi tan jarohati olgan. Shuningdek, Ukraina Ekologiya vazirligi Kiyevda havo ifloslanishi sezilarli darajada oshganini e’lon qildi. Bunga yong‘inlar sabab bo‘lgan. Biroq radiatsiya darajasi normal holatda qolmoqda.

Rossiya matbuoti esa Ukraina tomonidan qilingan dron hujumlari haqida xabar berdi. Eng yirik hujum Rostov viloyatida qayd etildi. Viloyat gubernatori vazifasini bajaruvchi Yuriy Slyusar ma’lumotiga ko‘ra, bir kechada 26 ta dron urib tushirilgan.
Shax­ti shahrida transformator stansiyasiga zarar yetgan, natijada 2 mingga yaqin uy elektr ta’minotisiz qolgan. Bu uylarda 6 mingdan ortiq kishi istiqomat qiladi.

Mahalliy axborot vositalariga ko‘ra, Rostov viloyatidagi hujum vaqtida bir nafar ayol vafot etgan.

Bundan tashqari, 4-iyul ertalab Tatariston, Orenburg viloyati va Udmurtiya hududlarida ham havo hujumi xavfi signalari yangragan.

Rossiya Mudofaa vazirligi 4-iyul kuni rasmiy xabarnoma orqali Ukraina tomonidan yuborilgan 48 ta uchuvchisiz havo qurilmasi (dron) yo‘q qilinganini bildirdi. Ularning joylashuvi quyidagicha taqsimlangan:

26 ta – Rostov viloyati ustida
12 ta – Kursk viloyatida
6 ta – Belgorod viloyatida
3 ta – Orelda
1 ta – Lipetsk viloyati ustida.

Ushbu voqealar ikki mamlakat o‘rtasidagi harbiy qarama-qarshilik tobora kuchayib borayotganini ko‘rsatmoqda. Rossiya va Ukraina bir-birini tinch aholi yashaydigan hududlarga hujum qilishda ayblamoqda.
So‘nggi hujumlar nafaqat harbiy, balki ekologik va ijtimoiy zararlarni ham keltirib chiqarmoqda. Tahlilchilarning fikricha, bu kabi hujumlar yaqin kunlarda yana takrorlanishi mumkin.
Xalqaro hamjamiyat esa hozircha voqealarni kuzatish bilan kifoyalanmoqda. Diplomatik choralar yoki muzokaralarga oid harakatlar hali e’lon qilinmagan.

Leave a Reply

Sizning elektron pochta manzilingiz e'lon qilinmaydi. Kerakli maydonlar belgilanadi *