Qo‘shma Shtatlar Isroilni Eron tahdidiga qarshi himoya qilish maqsadida zarurat tug‘ilganda unga og‘ir bunkerlarni yorib o‘tuvchi bombalar va B-2 turidagi “ko‘rinmas” bombardimonchi samolyotlarni yetkazib berishga tayyor. Bu haqda The New York Post xabar berdi.
AQSH Kongressida demokrat Josh Gotthaymer va respublikachi Mayk Louler tomonidan ilgari surilgan yangi qonun loyihasi Eronning yadroviy dasturiga javoban ishlab chiqilgan. Qonunga ko‘ra, Prezident Donald Trampga Isroilni har qanday kutilmagan holatlarga tayyorlash, zarur hollarda harbiy yordam ko‘rsatish, xususan “bunkerga qarshi” bombalar bilan ta’minlash vakolati beriladi.
“Eron o‘nlab amerikaliklarni, shu jumladan harbiy xizmatchilarimizni o‘ldirgan va bizning asosiy demokratik ittifoqchimiz Isroilga muntazam tahdid solib kelmoqda”, — dedi Gotthaymer. “Isroil o‘zini himoya qilish va Eronning yadroviy qurol imkoniyatini tiklashiga yo‘l qo‘ymaslik imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak”.
Louler esa ushbu qonun Prezidentga Isroil harbiylarini o‘qitish va ularga Tehronni jilovlash uchun zarur vositalarni yetkazish vakolatini berishini ta’kidladi. “Bu dunyoni yanada xavfsizroq joyga aylantirishga xizmat qiladi”, — dedi u.
Qonun loyihasi doirasida Isroilga 30 000 funt og‘irlikdagi, 20 fut uzunlikdagi GBU-57 rusumidagi bombalarni yetkazib berish ham ko‘zda tutilgan. Mazkur bombalar avvalroq AQSHning tarixiy hujumlarida qo‘llanilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, B-2 bombardimonchilari Eronning uchta yirik yadroviy obyektiga hujumda ishtirok etgan. 14 ta og‘ir bomba yer ostidagi obyektlarga 200 fut chuqurlikkacha yetib borib, ulkan zarba bergan. Prezident Trampning aytishicha, bu hujumlar Eronning yadroviy dasturini “to‘liq yo‘q qilgan”.
Biroq ayrim xabarlarga ko‘ra, Eron bombardimondan oldin boyitilgan uran zaxiralarini boshqa joyga ko‘chirgan bo‘lishi mumkin. AQSH rasmiylari bunday da’volarni qat’iyan rad etmoqda.
2024-yil holatiga ko‘ra, AQSHda 19 ta B-2 samolyoti mavjud bo‘lib, ulardan hech biri boshqa davlatlar ixtiyoriga berilmagan. Bu samolyotlar dunyodagi eng ilg‘or bombardimonchilardan biri bo‘lib, katta og‘irlikdagi qurollarni uzoq masofalarga yetkazib bera oladi.