Bali oroli yaqinida joylashgan Bali bo‘g‘ozida parom cho‘kishi oqibatida kamida 43 kishi bedarak yo‘qolgan. Bu haqda seshanba kuni CNN Indonesia manbasiga tayanib mahalliy rasmiylar xabar berdi.
KMP Tunu Pratama Jaya nomli parom 2-iyul oqshomida Ketapang – Banyuvangi – Gilimanuk yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan bo‘lgan. Parom ketganidan atigi 25 daqiqa o‘tib dengizda cho‘kib ketgan.
Parom bortida 65 kishi bo‘lgan: 53 nafar yo‘lovchi va 12 nafar ekipaj a’zosi. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, ikki kishi halok bo‘lgan, 20 nafari qutqarilgan. Qutqaruvchilar bergan ma’lumotga ko‘ra, omon qolganlarning aksariyati hushsiz holatda topilgan.
Qidiruv-qutqaruv operatsiyasi davom etmoqda. Qattiq to‘lqinlar va kuchli shamol qutqaruv ishlariga xalal bermoqda. Mahalliy hukumat va dengiz xavfsizligi kuchlari voqea joyiga safarbar etilgan.
Paromda 22 ta avtomobil, jumladan 14 ta yuk mashinasi ham bo‘lgan. Halokat sabablari hozircha noma’lum, ammo Indoneziyada paromlar ishtirokidagi hodisalar tez-tez ro‘y berib turadi. Aksariyat holatlarda bunga texnik nosozliklar yoki yuk ortiqchaligi sabab bo‘ladi.
Indoneziya Transport vazirligi hodisa yuzasidan rasmiy surishtiruv boshlanganini ma’lum qildi.