Toshkent shahri, Yashnobod tumanidagi Tenge Bank hisobidan 90 ming dollar o‘g‘irlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2025 yilning 18 iyun kuni Yashnobod tumanidagi Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘iga Tenge Bank chakana xizmatlar ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘idan ariza kelib tushgan.
Arizada noma’lum shaxslar tomonidan 90 ming dollar miqdorida pul mablag‘lari talon-toroj qilinishi haqida so‘z boradi.Olib borilgan tergov ishlaridan so‘ng, shu kuni bir nechta shaxslar bank kassasiga mijoz sifatida borib, bank kartasida mavjud 90 ming dollarni naqd qilish maqsadida post-terminalga yolg‘on ma’lumotlar kiritib, pulni olib ketganligi aniqlangan.
Tezkor-tadbirlar o‘tkazilib, ushbu jinoyatni sodir etgan jinoiy guruhning barcha a’zolari qo‘lga olingan. Tadbir davomida 12 dona telefon apparati, post-terminal, 9 dona bank kartasi, 1 million 670 ming so‘m va 36,495 dollar pul ashyoviy dalil sifatida olingan. Jami 9 nafar shaxs Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi (ushlab turish asoslari) bo‘yicha qo‘lga olingan.