Birlashgan Arab Amirliklarining eng yirik shahri Dubay 2026-yildan boshlab elektrolyot (elektr vertolyot) taksilarini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu yangi transport tizimi orqali shahar ichidagi harakat tezlashishi, tirbandliklar kamayishi va ekologik yuk engillashishi kutilmoqda.
Rasmiylarga ko‘ra, AQSHning Joby Aviation kompaniyasi bilan tuzilgan olti yillik eksklyuziv hamkorlik shartnomasiga binoan, ilk sinov parvozi 2025-yil iyun oyining oxirida muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. Parvoz Dubaydagi “vertiport”lardan birida bo‘lib o‘tdi.
Joby kompaniyasining elektrolyotlari maksimal 320 km/soat tezlikda harakatlana oladi va to‘liq zaryad bilan 240 kilometrgacha uchish imkoniga ega. Qurilma an’anaviy vertolyotga nisbatan deyarli 1,5 baravar tezroq va ancha past tovush darajasida ishlaydi. Mutaxassislar bu texnologiyani shahar muhitida qulaylik va sukunatni saqlashda muhim omil deb baholashmoqda.
Dubay Transport boshqarmasi (RTA) vakillarining ta’kidlashicha, dastlabki bosqichda to‘rtta asosiy maskan – Dubay xalqaro aeroporti, Dubay Marina, Palm Jumeirah va shahar markazi – o‘zaro bog‘lanadi. Parvozlar orasida eng qisqasi, DXB aeroportidan Palm Jumeirahgacha bo‘lgan masofa hozirgi 45 daqiqalik yo‘lga nisbatan atigi 12 daqiqa davom etadi.
Joby kompaniyasi ushbu loyiha doirasida Dubayga birinchi havo-taksini yetkazib bergan. Uchinchi bosqichda yana ko‘plab elektrolyotlar yetkazilishi rejalashtirilgan. Hozircha ushbu xizmat narxlari e’lon qilinmagan, biroq mutaxassislar narx jihatdan u Dubaydagi yuqori darajadagi servislar qatorida bo‘lishini taxmin qilmoqda.
RTA va Joby vakillariga ko‘ra, Dubay elektrolyot taksi xizmati ekologik barqarorlik, aqlli shahar kontsepsiyasi va turizm salohiyatini oshirishda muhim rol o‘ynaydi.
Bu loyiha amaliyotga tatbiq etilsa, Dubay dunyodagi birinchi tijorat havo-taksi tizimini ishga tushirgan shahar sifatida tarixga kirishi mumkin.