O‘zbekiston Respublikasi Senati o‘zining sakkizinchi yalpi majlisida O‘zbekistonning Vena konvensiyasiga qo‘shilishi to‘g‘risidagi qonunni ko‘rib chiqib, bir ovozdan ma’qulladi.
Mazkur hujjat – “O‘zbekiston Respublikasining 1963-yil 21-mayda qabul qilingan Vena konvensiyasiga qo‘shilishi to‘g‘risida”gi qonun – yadroviy falokatlar yuz berganda aholining huquqiy va moliyaviy himoyasini ta’minlashga xizmat qiladi.
Konvensiyaga qo‘shilish orqali O‘zbekiston:
- Yadro obyektlaridagi avariyalar sababli yetkazilgan zararning kompensatsiya mexanizmlarini joriy etadi;
- Yadro qurilmalari operatorlarining aniq mas’uliyatini belgilaydi;
- Fuqarolarga xalqaro darajada tan olingan yadro javobgarligi huquqiy kafolatlarini taqdim etadi;
- Moliyaviy himoya va kompensatsiya tizimini yo‘lga qo‘yadi.
Senatorlar ta’kidlashicha, bu qonun nafaqat milliy yadro xavfsizligi tizimiga bo‘lgan ishonchni oshiradi, balki xalqaro hamkorlikni chuqurlashtiradi va zamonaviy xavfsizlik standartlarini qo‘llashga zamin yaratadi.
Hujjatda O‘zbekistonning:
- Yadro energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanishdagi xavfsizlik tamoyillariga sodiqligi;
- Jabrlangan fuqarolarning huquqiy himoyasini ta’minlash;
- Davlatning yadro sohasidagi mas’uliyatini aniq belgilash;
- va xalqaro yadro sug‘urtasi va kompensatsiya mexanizmlarini joriy qilishga tayyorligi alohida ta’kidlangan.
Shuningdek, bu qaror O‘zbekistonning Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bilan hamkorligini kengaytirishi va yadro sohasidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirishi kutilmoqda.