Shopping cart

Sayt xodimlari o‘z oldiga yurtimizda va jahonda ro‘y berayotgan eng muhim voqea-hodisalar haqida tezkor, aniq va xolis axborot berishni o’z oldiga oliy maqsad qilib qo‘ygan.

Jahon

Isroil—Eron urushi: sulh shartlari buzildimi?

Gulhayo Naimova 24.06.20252 daqiqa o'qiladi
195

AQSh prezidenti Donald Tramp vositachiligida 24-iyun tongida eʼlon qilingan Isroil va Eron o‘rtasidagi sulh atigi bir necha soat ichida buzildi. Har ikki tomon bir-birini ayblab, o‘q uzishni davom ettirdi.

Tramp esa bu holat ortidan Isroil va Eronga ochiq tanqidlar yog‘dirdi va sulhga sodiq qolmagani uchun Isroilni alohida ogohlantirdi.

Sulh rejasi bo‘yicha avval Eron, keyin esa Isroil harbiy harakatlarni to‘xtatishi kerak edi.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi bu borada shunday bayonot berdi:

“Agar Isroil zarbalarni to‘xtatsa, Eron ham hujumlarni to‘xtatadi.”

Isroil ham o‘z operatsiyalari maqsadiga erishganini e’lon qilib, jang harakatlarini to‘xtatishini ma’lum qildi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay, Isroil Eron tomonidan sulh kuchga kirganidan keyin raketa hujumlari bo‘lganini aytdi.

Isroil Mudofaa vazirligining bayonotiga ko‘ra, Eron Beersheba shahriga ikkita raketa otgan. Raketalar “Iron Dome” havo mudofaa tizimi tomonidan yo‘q qilingan bo‘lsa-da, portlashlar oqibatida kamida 4 kishi halok bo‘lgan, 20 dan ortiq fuqaro jarohat olgan. Bir nechta binolar va infratuzilma zarar ko‘rgan.

Isroil bu hujumga javoban Eronning Tehron atrofidagi harbiy obyektlariga, shu jumladan, Evin qamoqxonasiga havo zarbalari berganini tasdiqladi. Eron esa bu ayblovni rad etib, hech qanday raketa uchirilmaganini bildirgan.

Vaziyat fonida, NATO sammitiga ketish arafasida Tramp Oq uyda jurnalistlar oldida chiqish qilib, har ikki tomonni sulhni buzganlikda aybladi:

“Ular bu bitimni buzishdi, Isroil ham buzdi,” — dedi Tramp. “Men hozir Isroildan mamnun emasman.”

U shuningdek, Isroilning zudlik bilan harakat boshlaganidan noroziligini ochiq bildirdi:

“Biz kelishuvga erishganimizdan so‘ng, Isroil darhol hujum boshlaganini yoqtirmadim. Endi esa eshitishimcha, ular atigi bitta raketa hech qayerga tushmagan bo‘lsa ham, o‘zlarini hujumga uchragandek his qilib, yana zarba berishgan. Bu menga yoqmadi, — degan u.

Tramp bu sulhni AQSh tomonidan Eronning yadroviy obyektlariga berilgan havo zarbalarini oqlash uchun strategik asos sifatida ko‘rsatgan edi. Biroq kelishuv barbod bo‘lganidan so‘ng u ochiq norozilik bildirdi va o‘zining “Truth Social” platformasida Isroilga bevosita ogohlantirish bilan murojaat qildi:

“ISROIL. BU BOMBALARNI TASHLAMANG. AGAR SHUNDAY QILSANGIZ, BU KATTA SULH BUZILISHI BO‘LADI. UCHUVCHILARINGIZNI DARHOL UYGA QAYTARING!”

Ushbu holat Trampning Isroilga nisbatan ilk bor bunchalik ochiq va keskin e’tiroz bildirgan vaziyatlaridan biri sifatida qayd etilmoqda. U har ikki tomonning ishonchsiz harakatlarini tanqid qilib, tinchlik sa’y-harakatlari yana bir bor barbod bo‘lganini ochiq tan oldi:

“Men bu bitimni muhim diplomatik yutuq deb ko‘rgan edim. Afsuski, har ikki tomon unga sodiq qolmadi,” — dedi Tramp.

 

Leave a Reply

Sizning elektron pochta manzilingiz e'lon qilinmaydi. Kerakli maydonlar belgilanadi *