AQShdagi Jon Hopkins universiteti olimlari saraton kasalligini odamda hali hech qanday alomatlar paydo bo‘lmasidan uch yil oldin aniqlash mumkinligini isbotlashdi. Bu yangilik qon namunalarini tahlil qilish orqali amalga oshirilgan.
Tadqiqot muallifi, onkolog Yuxuan Vanning aytishicha, “Agar saraton bu qadar erta aniqlansa, uni davolash osonroq va kasallik hali og‘irlashmagan bo‘ladi”.
Olimlar ARIC (Yurak-qon tomir kasalliklari xavfini o‘rganish) loyihasi doirasida yig‘ilgan qon plazmasi namunalarini tahlil qilishdi. Ular 52 kishining namunalarini tekshirib ko‘rdi — 26 nafari saratonga chalingan, qolgan 26 nafari esa sog‘lom.
Tekshiruv paytida ularning sakkiz nafarida maxsus erta saratonni aniqlovchi test (MCED) ijobiy natija bergan. Ularning barchasiga testdan keyingi 4 oy ichida saraton tashxisi qo‘yilgan. Shuningdek, olimlar shu bemorlarning 3 yil oldin olingan eski qon namunalarini ham ko‘rib chiqdi va to‘rttasida o‘smaga xos o‘zgarishlar allaqachon mavjud bo‘lganini aniqladi.
Tadqiqot hammuallifi, taniqli olim Bert Vogelshteyn bu texnologiyani “saratonni juda erta aniqlashdagi katta qadam” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday testlar kelajakda saraton bilan bog‘liq o‘limlarni kamaytirishga yordam berishi mumkin.
Ammo olimlar test natijalari ijobiy chiqqanidan keyin qanday tibbiy choralar ko‘rilishini aniq belgilab olish kerakligini ta’kidlamoqda.
Mutaxassislar bu usulni yanada takomillashtirish ustida ishlamoqda.
Bu kashfiyot saratonni davolashda yangi davr boshlanishidan darak berishi mumkin.