AQSH prezidenti Donald Tramp 21-iyun, juma kuni kechqurun Oq uydan xalqiga murojaat qilib, Qo‘shma Shtatlar Erondagi uchta yirik yadroviy obyektga havo zarbalari uyushtirganini e’lon qildi. Trampning aytishicha, Fordo, Natanz va Isfahondagi obyektlar “aniq va kuchli” hujumlar bilan butunlay yo‘q qilingan.
Ushbu zarbalar Eron vaqti bilan 22-iyun tongida, taxminan soat 02:30 atrofida amalga oshirilgan. Tramp buni “harbiy jihatdan katta muvaffaqiyat” deb atab, Tehronni tinchlikka chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hujumlar AQSH va butun dunyo xavfsizligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan.
Tramp Eronni “terrorizmning bosh homiysi” deb atab, yadroviy tahdidga chek qo‘yish kerakligini ta’kidladi. Shuningdek, u Eronning oldingi hujumlari natijasida mingdan ortiq amerikalik va butun dunyo bo‘ylab yuz minglab odamlar halok bo‘lganini bildirdi.
Avvalroq, 19-iyun kuni, Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt brifingda chiqish qilib, Tramp yaqin ikki hafta ichida Eron bo‘yicha qaror qabul qilishi mumkinligini aytgan edi. Tramp shuningdek, AQSH Eron osmoni ustidan to‘liq nazorat o‘rnatganini e’lon qilgan va Eron rasmiylari bilan tez orada uchrashuv o‘tkazishni jamoasiga topshirgan edi. U Tehronning diplomatik muzokaralarga chin dildan tayyormi-yo‘qligini aniqlamoqchi ekanini bildirgan.