Rossiya prezidenti Vladimir Putin payshanba kuni Isroil rahbariyatini Eron hududida faoliyat yuritayotgan Rossiya fuqarolari, jumladan yadroviy sohadagi mutaxassislarning xavfsizligini ta’minlashga chaqirdi. Bu haqda u Kremlda bergan bayonotida aytib o‘tdi.
Putinga ko‘ra, hozirgi vaqtda Eron janubida joylashgan Bushehr atom elektr stansiyasida 200 dan ortiq rossiyalik mutaxassis ishlamoqda. U yaqin haftalarda bu raqam 600 nafarga yetishini aytdi. Prezident Rossiya Eronni tark etmasligini qat’iy ravishda ma’lum qildi.
“Biz Eronni tark etmaymiz. Bushehr AESda hozirda 200 dan ortiq mutaxassisimiz bor. Yaqin vaqt ichida ularning soni 600 ga yetadi,” — dedi Putin.
Rossiya yetakchisining bu chiqishi Isroil va Eron o‘rtasidagi ziddiyatlar kuchaygan bir paytda yangradi. So‘nggi haftalarda Isroil Eronning harbiy obyektlariga va unga aloqador kuchlarga nisbatan zarbalar uyushtirgani, shuningdek, mintaqadagi harbiy harakatlar kuchaygani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Kreml rahbari xalqaro hamjamiyat e’tiborini mintaqadagi Rossiya manfaatlariga qaratishga urinmoqda. Moskva Erondagi yirik energetika loyihalarida faol ishtirok etmoqda va ayniqsa Bushehr AES Rossiya-Eron hamkorligining muhim ramziga aylangan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ham Isroilni mintaqadagi har qanday harbiy harakatda ehtiyotkorlikka chaqirgan va Rossiya fuqarolarining hayoti xavf ostiga qo‘yilmasligi kerakligini ta’kidlagan. Isroil tomoni hozircha bu bayonotga javob bermagan.
Mutaxassislar fikricha, Putinning bu ogohlantirishi nafaqat Rossiyaning Eron bilan strategik hamkorligini himoya qilish, balki Moskvaning mintaqadagi siyosiy ta’sirini saqlab qolish harakati sifatida baholanmoqda.