“Tolibon” harakati ayollarga O‘zbekistondagi “Termiz” xalqaro savdo markaziga kirishni taqiqladi.
Ushbu savdo markazi Afg‘oniston bilan chegarada joylashgan bo‘lib, taqiq 40 yoshgacha bo‘lgan ayollarni qamrab oladi. Bu haqda Amu. tv manbalariga tayanib, mahalliy aholi va do‘kon egalari xabar bergan. Savdogarlar so‘zlariga ko‘ra, oilalari bilan birga keladigan ayollar bozordagi asosiy xaridor qatlamini tashkil qilgan. Taqiq joriy etilgach, savdo darajasi keskin pasaygan.
“Termiz” xalqaro savdo markazi 2022-yilda O‘zbekiston va Afg‘oniston chegarasida ochilgan. Markazda 4 mingdan ortiq do‘kon, tibbiyot markazi, restoranlar, ishlab chiqarish va logistika zonalari mavjud. Afg‘oniston fuqarolari bu yerga vizasiz kirishlari va 15 kungacha qolishlari mumkin. Bu afg‘onlar uchun zaruriy tovarlarni xarid qilish mumkin bo‘lgan kam sonli joylardan biridir.
Eslatib o‘tamiz, 2021-yil avgustida hokimiyatni qo‘lga olgan “Tolibon” harakati Afg‘onistonda ayollar huquqlarini jiddiy cheklay boshladi. Ayollarga o‘qish, ko‘pchilik sohalarda ishlash, erkak qarindoshisiz jamoat joylariga chiqish, omma oldida qo‘shiq kuylash taqiqlandi.
2024-yil oxiriga kelib esa, ayollar ko‘rinadigan derazalarga ega uylar qurilishi ham man etildi.