Eron va Isroil o‘rtasida juma kuni boshlangan bevosita harbiy to‘qnashuv davom etar ekan, halok bo‘lganlar soni keskin oshdi. Isroil rasmiysining so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi kechadagi raketa hujumlari oqibatida kamida sakkiz kishi halok bo‘lgan. Umumiy qurbonlar soni Isroilda 24 nafarga yetgan. Eron esa o‘z hududida 200 dan ortiq kishi halok bo‘lganini bildirgan.
So‘nggi hujumlar tong oldi Tel-Avivda kuchli portlashlarga sabab bo‘ldi. Shaharning ba’zi hududlarida qora tutun ko‘kka ko‘tarilgan. Isroil mudofaa tizimi raketalarning bir qismini tutib qolganini bildirgan bo‘lsa-da, zarbalar qurbonlarsiz o‘tmagan.
Eron Tashqi ishlar vazirligi Isroilning Tehrondagi “aniq nishonga” qaratilgan zarbalari haqidagi bayonotlariga qarshi chiqdi. Vazirlik hujumlar tinch aholiga — ayollar va bolalar yashaydigan turar-joylarga qaratilganini ta’kidladi. Eronning Tasnim agentligi G‘arbiy Eron hududidagi bir shifoxona Isroil hujumi natijasida “jiddiy zarar ko‘rganini” bildirdi.
Isroil mudofaa vaziri Isroil Kats dushanba kuni bergan bayonotida, avvalroq Tehron aholisi “to‘lovni amalga oshiradi” degan tahdidli fikrlaridan voz kechdi. U keyinchalik Isroil “Tehron aholisiga zarar yetkazishni maqsad qilmayotganini” aytdi.
Isroil armiyasi Eron poytaxtidagi Quds kuchlari shtab-kvartirasiga hujum uyushtirganini tasdiqladi. Harbiy so‘zlovchilar Isroil Eron ustidan “havo ustunligini” qo‘lga kiritganini va Eronning “yer–yer” turidagi raketa tizimlarining uchdan bir qismini yo‘q qilganini bildirdi.
BMTning Atom energiyasi bo‘yicha agentligi (IAEA) rahbari Rafael Grossi dushanba kuni Eronning Natanz va Fordo yadro obyektlarida qo‘shimcha zarar aniqlanmaganini ma’lum qildi.
Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkian mamlakat yadroviy qurol ishlab chiqarmasligini, biroq tinch maqsaddagi yadro energiyasi va tadqiqotlar borasidagi huquqlarini himoya qilishini aytdi.
Eron Oliy sudyasi G‘ulomhosayn Mohsini Ejei dushanba kuni bergan bayonotida, Isroil bilan hamkorlikda gumon qilingan shaxslar ustidan tezkor sud jarayonlari bo‘lib o‘tishini bildirdi. Xuddi shu kuni Eron Isroilning “Mossad” razvedka xizmatiga josuslik qilganlikda ayblangan bir kishini qatl etganini Reuters xabar qildi.
Isroil hukumati o‘tgan hafta G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami yetkazmoqchi bo‘lgan flotiliya a’zolaridan qolgan oxirgi uch faolni deportatsiya qilganini tasdiqladi.
Diplomatik bosim ham kuchaymoqda. Eron Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniyani Isroilga hujumlarni to‘xtatish uchun bosim o‘tkazishga chaqirdi. BMTda esa Eron Isroilning yadro inshootlariga bergan zarbalarini qoralashni talab qilmoqda.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an dushanba kuni Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkian bilan suhbatda Turkiya mojaroga vositachilik qilish, ayniqsa yadroviy muzokaralarni qayta boshlash bo‘yicha yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Xitoy hukumati tomonlarni keskinlikni darhol kamaytirishga chaqirdi. Pekin bu mojaroning butun mintaqa xavfsizligi va barqarorligiga tahdid solayotganini qayd etdi.
To‘qnashuvlar davom etar ekan, G7 davlatlari yetakchilari bugun Kanada tog‘larida yig‘ilib, AQSh prezidenti Donald Trampdan Eron va Isroil o‘rtasidagi “yaqin tinchlik” haqida bergan bayonotiga izoh berishni so‘rashga tayyorlanmoqda.
Xalqaro hamjamiyat mojaroni nazoratdan chiqmasdan oldin zudlik bilan yechim topishga chaqirayotgan bo‘lsa-da, tomonlar orasida muzokara boshlanganiga oid hech qanday belgi yo‘q. Urush frontida esa halok bo‘lganlar soni kun sayin ortib bormoqda.