Oliy ta’lim muassasalari (OTM) professor-o‘qituvchilari va boshqa toifadagi xodimlariga moddiy rag‘batlantirish tartibida muhim o‘zgarishlar amalga oshirildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 12-iyundagi 362-sonli qarori bilan rasmiy xabar berildi.
Qarorga ko‘ra, 2020-yil 26-avgustdagi 517-sonli hukumat qarori bilan tasdiqlangan nizomga yangi band kiritildi. Unda byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan xodimlarga beriladigan ustamalar miqdoriga doir qo‘shimcha normalar belgilandi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra:
• Boshqa toifadagi xodimlar uchun belgilanishi mumkin bo‘lgan ustama miqdori 400 foizdan ortiq bo‘lmasligi belgilandi;
• Zarur hollarda, malakali mutaxassislarni jalb etish maqsadida OTM Kengashi tomonidan bu miqdor mustaqil belgilanishi mumkin bo‘ladi.
Bu o‘zgarishlar, bir tomondan, ta’lim muassasalarida mehnatga haq to‘lash tizimini yanada moslashuvchan qilish, ikkinchi tomondan esa, yuqori malakali kadrlarni OTM tizimida ushlab qolishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Ta’lim sohasi ekspertlari bu qarorni OTM mustaqilligini kuchaytiruvchi va raqobatbardosh professor-o‘qituvchilarni jalb etuvchi vosita sifatida baholamoqda.“Bunda boshqa toifadagi xodimlarning ish haqiga nisbatan belgilanadigan ustamalarning eng yuqori miqdori 400 foizdan ortiq bo‘lishi mumkin emas. Zarur hollarda oliy ta’lim muassasalariga malakali mutaxassislarni jalb etish maqsadida boshqa toifadagi xodimlarning ish haqiga nisbatan belgilanadigan ustamalarning eng yuqori miqdori oliy ta’lim muassasasining Kengashi tomonidan mustaqil belgilanishi mumkin”.