Shopping cart

Sayt xodimlari o‘z oldiga yurtimizda va jahonda ro‘y berayotgan eng muhim voqea-hodisalar haqida tezkor, aniq va xolis axborot berishni o’z oldiga oliy maqsad qilib qo‘ygan.

  • Bosh sahifa
  • Jahon
  • Harbiy parad va ommaviy namoyish: AQShda siyosiy qarama-qarshilik avjida
Jahon

Harbiy parad va ommaviy namoyish: AQShda siyosiy qarama-qarshilik avjida

Gulhayo Naimova 14.06.20252 daqiqa o'qiladi
120

Bugun AQSh poytaxti Vashingtonda bir vaqtning o‘zida ikki yirik voqea bo‘lib o‘tmoqda: AQSh Qurolli Kuchlarining 250 yilligiga bag‘ishlangan harbiy parad va Donald Trampga qarshi o‘tkazilayotgan “No Kings” (“Qirollar yo‘q”) norozilik namoyishlari. Ikkala tadbir ham siyosiy jihatdan qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

“Lincoln Memorial” oldida tashkil etilgan harbiy parad prezident Donald Trampning 79-yillik yubileyi bilan bir vaqtda o‘tkazilmoqda. Tadbirda 6 200 dan ortiq harbiy xizmatchi, o‘nlab tank va zirhli texnikalar, 60 dan ortiq samolyot va vertolyotlar qatnashmoqda. Tashkilotchilar paradni milliy faxr va tarixiy xotiraning ifodasi sifatida taqdim etmoqda.

Ammo bu parad AQSh ichki siyosatida keskin fikrlar to‘qnashuviga sabab bo‘ldi. So‘rovnomalarga ko‘ra, amerikaliklarning 60 foizi harbiy paradga davlat mablag‘lari sarflanishini to‘g‘ri deb hisoblamaydi. Ularning fikricha, bu tadbir Tramp shaxsini ulug‘lashga xizmat qilmoqda, armiyaning siyosiylashtirilishi esa xavfli tendensiyaga aylanmoqda.

Trampga qarshi norozilik bildirayotgan minglab fuqarolar bugun AQShning 2 000 dan ortiq shahrida “No Kings” (“Qirollar yoʻq”) shiori ostida ko‘chalarga chiqishmoqda. Namoyishchilarning talablari aniq: ular Trampning siyosatini avtoritar, demokratiya uchun xavfli deb hisoblashadi va prezidentlik atrofidagi shaxsiylashtirish siyosatiga qarshi chiqishmoqda.

Filadelfiya, Nyu-York, Chikago va Los-Anjelesda eng yirik mitinglar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Faqat poytaxt Vashingtonda o‘n minglab odam to‘planishi kutilmoqda. Namoyishchilarning qo‘llarida “Biz qirol izlamaymiz”, “Demokratiya ustuvor” kabi shiorlar aks etgan plakatlar bor.

Parad va namoyishlar oldidan AQShning ko‘plab yirik shaharlarida xavfsizlik kuchaytirildi. Politsiya va milliy gvardiya kuchlari har ikki tomonni nazorat ostida ushlab turish uchun safarbar qilindi. Ayrim joylarda beton to‘siqlar va kuchaytirilgan xavfsizlik inshootlari o‘rnatilgan. Rasmiylar har qanday to‘qnashuvning oldini olishga harakat qilmoqda.

Donald Tramp esa o‘z chiqishida namoyishchilarni “tartibsizlik chiqaruvchilar” deb atab, ularga nisbatan “og‘ir kuch ishlatilishi mumkinligini” ta’kidladi. Bu bayonot esa yangi e’tirozlarga sabab bo‘ldi va mutaxassislar tomonidan konstitutsiyaviy huquqlarga tahdid sifatida baholanmoqda.

Bugungi parad va noroziliklar AQShda chuqurlashayotgan siyosiy bo‘linishni yaqqol namoyon qildi. Boshqaruv, demokratiya va konstitutsiyaviy qadriyatlar atrofida ikki qarama-qarshi kuch — Tramp tarafdorlari va tanqidchilari — ochiq maydonga chiqdi. Harbiy paradni qo‘llab-quvvatlovchilar buni vatanparvarlik va milliy g‘urur deb atayotgan bo‘lsa, norozilar uni siyosiy propaganda deb ko‘rmoqda.

Leave a Reply

Sizning elektron pochta manzilingiz e'lon qilinmaydi. Kerakli maydonlar belgilanadi *