Shopping cart

Sayt xodimlari o‘z oldiga yurtimizda va jahonda ro‘y berayotgan eng muhim voqea-hodisalar haqida tezkor, aniq va xolis axborot berishni o’z oldiga oliy maqsad qilib qo‘ygan.

Jahon

Eron Isroilga ballistik raketalar bilan hujum qildi

Gulhayo Naimova 14.06.20253 daqiqa o'qiladi
5159

Isroil va Eron o‘rtasida ziddiyat yanada keskin tus oldi. Eron payshanba kuni kechqurun Isroil hududiga yuzlab ballistik raketa va dronlar bilan hujum uyushtirdi.

Bu operatsiya rasmiy Tehron tomonidan “Haqiqiy va’da III” deb nomlandi va Isroilning yaqinda Eron yadro inshootlari hamda harbiy rahbarlariga qarshi amalga oshirgan aviazarbalariga javoban bajarildi.

Isroil Mudofaa Kuchlari (IMK) bergan ma’lumotga ko‘ra, ikki to‘lqinda amalga oshirilgan hujum davomida Eron kamida 150 dan ortiq ballistik raketani va 100 dan oshiq dronni uchirgan. Raketalarning asosiy nishonlari Tel-Aviv, Quddus va Isroilning harbiy infratuzilmasi bo‘lgan.

IMK bayonotida ta’kidlanishicha, “Qariyb 100 ga yaqin raketa Isroilga qarata uchirildi. Ularning ko‘pchiligi havo mudofaasi tizimlari tomonidan urib tushirildi yoki umuman nishonigacha yetib bormadi.” Biroq, ayrim binolarga raketalar zarba bergan, ayrim joylarda esa urib tushirish natijasida tushgan bo‘laklar moddiy zarar yetkazgan.

Isroil sog‘liqni saqlash rasmiylarining xabar berishicha, hujum natijasida kamida bir nafar ayol halok bo‘lgan, 70 ga yaqin kishi jarohat olgan.

Tel-Aviv osmonida portlashlar, tutunli manzaralar va shahar bo‘ylab yangragan sirenalar xavotir uyg‘otdi.
Isroilning bunga javoban bergan pozitsiyasi aniq va keskin bo‘ldi.

Bosh vazir Benyamin Netanyahu hujumning birinchi bosqichidan so‘ng xalqqa murojaat qilib, Eron xalqiga alohida xitob yo‘lladi.

“Jasur Eron xalqi, bizning kurashimiz sizga emas. Bu sizni deyarli 50 yildan beri ezib kelayotgan va Isroilni yo‘q qilish bilan tahdid qilayotgan rejimga qarshi. Bizning harbiy operatsiyamizning maqsadi — yadroviy va ballistik tahdidni yo‘q qilish,” dedi Netanyaxu.

U o‘z nutqida shuningdek, Isroil harakati Eron xalqining ham ozodligi uchun yo‘l ochishini ta’kidladi: “Biz o‘z maqsadlarimizga erishar ekanmiz, sizning orzularingiz sari yo‘lni ham ochmoqdamiz. Yorug‘lik zulmatni yengadi.”

Mazkur hujum Eron tomonidan Isroilning avvalgi ” Uchayotgan sher” operatsiyasiga javoban amalga oshirilgani ta’kidlanmoqda. Ushbu operatsiya doirasida Isroil tomonidan Natanz, Fordov, Isfaxon kabi yadro inshootlari hamda IRGC (Islomiy inqilob qo‘riqchilari korpusi)ning yuqori martabali rahbarlariga aviazarbalar berilgan. Eron rasmiylariga ko‘ra, bu zarbalar oqibatida 78 nafardan ortiq kishi halok bo‘lgan va 300 dan ortig‘i jarohatlangan.

AQSh rasmiylari ushbu vaziyatda harbiy jihatdan bevosita ishtirok etmaganini bildirgan bo‘lsa-da, Isroilning havo mudofaasi tizimlarini qo‘llab-quvvatlaganini ma’lum qilgan. Hujumlar fonida xalqaro bozorlarda neft narxlari ko‘tarilgan, Yevropa va Osiyo fond bozorlari esa pasayishni qayd etgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropa Ittifoqi, Turkiya va boshqa ko‘plab davlatlar tomonlarni zudlik bilan vaziyatni bosib olishga va diplomatik yo‘l bilan hal etishga chaqirdi. BMT Xavfsizlik Kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishi chaqirilishi mumkin.
Hozirda Isroil havo mudofaasi doimiy tayyorgarlik holatida bo‘lib, rasmiylar aholiga xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishni tavsiya qilmoqda. Holat keskinligicha qolmoqda.

Leave a Reply

Sizning elektron pochta manzilingiz e'lon qilinmaydi. Kerakli maydonlar belgilanadi *