Samarqandda bir ayol 15 yoshli jiyanini 50 million so‘mga sotmoqchi bo‘lgani xabar qilindi. Avans sifatida 20 million so‘m olgan paytda, ayol va uning sherigi qo‘lga olindi. Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
IIVga murojaat qilgan ayol, Kattaqurg‘on tumani yashovchi ikki ayol 15 yoshli bolani 50 million so‘mga sotmoqchi ekanini aytib, bu haqda guvohlik sifatida audiotasmalarni taqdim etgan.
11-iyun kuni tezkor tadbir o‘tkazildi. Ayollar, jumladan bolaning haqiqiy xolasi, 20 million so‘m avansni olgan paytda qo‘lga olindi.
Hozirda 15 yoshli bola SOS bolalar qishlog‘ida bo‘lib, u ota-onasiz yoki ijtimoiy yetimlik xavfi ostida qolgan bolalarga yordam beruvchi tashkilot tomonidan asrab olinmoqda.
Ushbu holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 135-moddasi (Inson savdosi) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov ishlari davom etmoqda.