Rossiyada tahsil olayotgan 29 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Saransk shahrida bezorilik va migratsiya qoidalarini buzganlik ayblovi bilan 10 kunlik ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilindi, deb xabar berdi Mordoviya Ichki ishlar vazirligi 11-iyun kuni.
Rasmiylarga ko‘ra, N.P. Ogaryov nomidagi Mordoviya davlat universiteti tibbiyot fakultetining 5-bosqich talabasi bo‘lgan shaxs 10-iyun kuni qo‘lga olingan.
Talabaga qarshi choralar ijtimoiy tarmoqlarda Saransk shahri markazida tasvirga olingan va jamoat tartibini buzish, ayollar hamda shaharliklarni haqorat qilish holatlarini aks ettirgan videoyozuv tarqalganidan so‘ng ko‘rildi, deydi rasmiylar.
Qoʻlga olingan shaxsga nisbatan Rossiya Federatsiyasining Ma’muriy kodeksi 20.1-moddasi 1-qismi (mayda bezorilik) hamda 18.8-moddasi 1-qismi (migratsiya qoidalarini buzish) asosida bayonnomalar tuzilgan.
Sud 11-iyun kuni talabani aybdor deb topib, unga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.
Shuningdek, Rossiya qonunchiligiga muvofiq, uning yashash uchun ruxsatnomasi bekor qilindi va mamlakatni 15 kun ichida tark etishi belgilandi. Aks holda, u majburan deportatsiya qilinishi mumkin.
Ichki ishlar vazirligi talabaning harakatlari bo‘yicha barcha materiallar qonuniy kuchga kirgach, unga Rossiyaga kirish taqiqlanishi ehtimolini istisno qilmadi.
Rasmiylar, shuningdek, internetda noqonuniy kontent — bezorilik, ekstremistik bayonotlar yoki boshqa qonunga xilof harakatlarni tarqatish ma’muriy va jinoiy javobgarlikka olib kelishidan ogohlantirdi.