Senatning beshinchi yalpi majlisida yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilingani munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga sudlar faoliyatining hamda fuqarolar huquq va erkinliklarining kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutuvchi qonun muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, muhokama qilingan qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksi hamda “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunga quyidagilar kiritilmoqda:
- Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emasligi va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkinligi belgilanmoqda.
- Agar shaxsning o‘z aybini tan olgani yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi nazarda tutilmoqda.
- Sud jarayonida ishtirok etayotgan guvoh o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi ko‘rsatma bermaslik huquqi joriy etilyapti.
Qonun bilan, sudyani muayyan ishning muhokamasidan chetlashtirish yoki uning vakolatlarini to‘xtatib turish, boshqa lavozimga o‘tkazishga faqat qonunda belgilangan tartibda va asoslarga ko‘ra yo‘l qo‘yilishi joriy qilinmoqda. Shuningdek, sudya vakolatiga va odil sudlovni amalga oshirishga doir faoliyatiga har qanday tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi va ularning hisobdor emasligi belgilanyapti.
Oliy sudning qonunchilik tashabbusi huquqini amalga oshirish doirasi aniqlashtirilib, faqat o‘z vakolatlari doirasida masalalar kiritishi ham ko‘rsatilmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.