Rossiya Tashqi ishlar vazirligi seshanba kuni O‘zbekiston tomonidan yuborilgan diplomatlik notasida migrantlarga oid keltirilgan ma’lumotlar sinchiklab ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi. Bu haqda vazirlik rasmiy vakili Mariya Zaxarova bayonot berdi.
Zaxarovaning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston tomonidan bildirilgan murojaat tegishli Rossiya idoralariga yetkazilgan, olingan xolis ma’lumotlar esa belgilangan tartibda Toshkentga yuboriladi.
Avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Axror Burhonov Rossiyada o‘zbekistonliklarga nisbatan o‘tkazilayotgan tintuvlar va go‘yoki noo‘rin muomala yuzasidan xavotir bildirilib, bu bo‘yicha Moskva shahridagi elchixona orqali Rossiya TIVga rasmiy nota yuborilganini bildirgandi.
“Bizda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan bevosita muloqot kanallari mavjud. Ittifoqchi davlatlar o‘rtasida bo‘lgani kabi har qanday signal jiddiy tahlil qilinadi,” — dedi Zaxarova.
U shuningdek, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida mustahkam strategik sheriklik va ittifoqchilik aloqalari mavjudligini, barcha ikki tomonlama masalalar aynan shu doirada ko‘rib chiqilishini ta’kidladi.