Rossiya Federatsiyasida migrant bolalarining ta’lim muassasalariga qabul qilinishi bo‘yicha nazorat choralari kuchaytirilmoqda. Avvalroq, Rossiyada migrant bolalarini rus tili imtihonidan o‘ta olmasa, maktabga qabul qilinmasligi haqida qaror qabul qilingan edi. Yangi qoidalar kuchga kirganidan ikki oy o‘tib, faqat 4% migrant bola maktablarga qabul qilindi. Bu haqda Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, 22-may holatiga ko‘ra, faqat 498 nafar migrant bola rus tili testiga kirish ruxsatini olgan, bu esa jami arizachilarning 17% ini tashkil qiladi (2868 ariza berilgan). Rossiya ta’lim va fan sohasida nazorat olib boruvchi Rosobrnadzor xabar berishicha, may oyida rus tili bo‘yicha test topshirish uchun 1,7 mingta ariza topshirilgan, ammo 81% nomzodlarga hujjatlar to‘g‘ri tayyorlanmaganligi sababli rad etilgan. Shuningdek, agentlik anketalarda noaniq ma’lumotlar mavjudligini qayd etdi.
Volodin shuningdek, bu hafta “migratsiya siyosatini takomillashtirishga qaratilgan” yana bir qonun loyihasini ko‘rib chiqishni rejalashtirganini ma’lum qildi. Ushbu qonun loyihasida, ta’lim muassasalariga qabul qilinmagan migrant bolalarini hisobga olish va nazorat qilish haqida so‘z boradi.
Hujjatga ko‘ra, hududiy va mahalliy ta’lim boshqaruvi organlarini bolalar va ularning ota-onalarining shaxsiy ma’lumotlarini, test natijalarini, ta’lim muassasalariga qabul haqidagi ma’lumotlarni, shuningdek, maktablarga murojaat qilgan chet el fuqarolariga oid ma’lumotlarni mahalliy Ichki ishlar vazirligi organlariga taqdim etishga majbur qilish rejalashtirilgan.
Ichki ishlar vazirligi o‘z navbatida ta’lim boshqaruvi bo‘limlariga migrant bolalarining ro‘yxatga olinganligi yoki migratsion hisobga qo‘yilganligi haqidagi ma’lumotlarni uzatadi. Volodin bu jarayonlarning barchasi bolaning va uning ota-onasining Rossiyada qonuniy yashash holati haqida tezkor ma’lumot almashishga imkon berishini va bu keyingi qarorlar qabul qilishiga ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlagan.
Migrant bolalarini maktablarga qabul qilishda rus tilini bilishini testdan o‘tkazish majburiy bo‘lgan qonun 1-apreldan kuchga kirdi. Ariza tasdiqlanishi uchun bola test savollarining 90% to‘g‘ri javob berishi kerak.