Bugun, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida Rossiya tomoni bilan har oy o‘tkaziladigan migratsiya masalalari bo‘yicha navbatdagi uchrashuv tashkil etildi.
Rossiya Federatsiyasi hududida ayrim hollarda O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan ruxsatsiz tekshiruvlar, hurmatsizlik va qo‘pol muomalalar kuzatilayotgani tashvish uyg‘otmoqda. O‘zbekiston tomoni bunday holatlarning ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarga zid ekanini va ularni oldini olish uchun aniq chora-tadbirlar zarurligini ta’kidlab o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi xorijda yashayotgan va vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilishni o‘zining ustuvor vazifasi deb biladi. Shuning uchun, ushbu masala yuzasidan O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasi Rossiya tomoni bilan diplomatik kanallar orqali muloqot olib bormoqda.
O‘zbekiston tomoni barcha fuqarolariga nisbatan xalqaro huquq va inson huquqlariga rioya qilinishini ta’minlashga chaqirmoqda. Shu munosabat bilan, Rossiya Federatsiyasining tegishli idoralarini O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitmaslikka chaqirib qoladi.
Moskvadagi holat yuzasidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga O‘zbekiston elchixonasi tomonidan nota yuborilib, Rossiya TIVdan ushbu holatga izoh berish hamda inson huquqlari buzilishi haqidagi holatga huquqiy baho berish so‘ralgan.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ushbu masalani doimiy nazoratida ushlab turadi va kerakli hollarda qo‘shimcha choralar ko‘rishni davom ettiradi.