Toshkent viloyatining Parkent tumanida eshak go‘shtidan somsa tayyorlab sotgan shaxslarga jinoyat ishi doirasida hukm o‘qildi. Rasmiylarga ko‘ra, jinoyat sodir etilganidan so‘ng uch nafar shaxs qo‘lga olinib, sud oldiga olib chiqilgan.
Sud materiallariga ko‘ra, Nurafshon shahrida fuqaro o‘ndan ortiq eshakni so‘yib, ularning go‘shtini sotish uchun tayyorlagan. Fuqaro 200 kg eshak go‘shtini kilogrammini 20 ming so‘mdan Toshkentlik xaridorga sotmoqchi bo‘lgan. Shuningdek, 193 kg go‘shtni 3,8 million so‘mga sotib olayotgan ikkinchi shaxs ham qo‘lga olingan.
Ushbu shaxsning uyida qo‘shimcha ravishda kelib chiqishi noma’lum 60 kg go‘sht aniqlangan. U bu go‘shtdan Parkent tumanidagi tez ovqatlanish shoxobchasida somsa tayyorlash uchun foydalangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Ohangaron tuman sudi tomonidan chiqarilgan hukmga ko‘ra:
-
2 nafar ayblanuvchi — 2 yilga ozodlikdan mahrum qilindi
-
1 nafar ayblanuvchi — 3 yil 8 oy 15 kunga ozodlikdan cheklanish jazosi oldi
Bu voqea Oqqo‘rg‘on tumanida eshak suyaklarining suvga tashlab ketilgani haqidagi holatdan keyin aniqlangan. Tadqiqot Ohangaron tumanida davom ettirilib, 3 nafar shaxs gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olingan va tergovga qadar surishtiruv boshlatilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Surxondaryo viloyatidagi eshak so‘yish aks etgan video bo‘yicha esa viloyat hokimligi bu eski videotasvir ekanligini bildirgan.
Bundan tashqari, yaqinda Sirdaryodan Toshkentga olib ketilayotgan 361 kg eshak go‘shti ham to‘xtatib qolingan.
Ma’lumot uchun: eshak terisi va ichagi tibbiyotda subtovar sifatida qo‘llaniladi. O‘zbek qonunchiligida eshak go‘shtini iste’mol qilish yoki sotish taqiqlanmagan, biroq uni boshqa go‘sht — masalan, mol go‘shti deb sotish jinoyat hisoblanadi.