Turkmanistonning Qoraqum cho‘lida joylashgan mashhur gaz krateri, mahalliylarda “Do‘zax darvozasi” nomi bilan tanilgan nuqta, nihoyat o‘chirilmoqda. Bu gaz yong‘ini 1971-yildan beri doimiy ravishda yonib kelmoqda.
“Turkmengaz” davlat konsernining vakili Irina Luryeva ma’lumotiga ko‘ra, olov intensivligi 2023 yil avgustiga nisbatan uch baravardan ko‘proqqa kamaygan. U bunga gaz qazib olish faoliyatining jadallashgani sabab bo‘lganini bildirgan.
“Filtratsiya oqimi nazorat ostiga olingan. Hozirda kraterga gaz kirishi kamayib bormoqda,” — dedi Luryeva.
Mazkur krater 1971-yilda geologik izlanishlar natijasida paydo bo‘lgan. Gaz konida burg‘ilash chog‘ida yer ostida bo‘shliq yuzaga kelgan va tabiiy gaz sizib chiqa boshlagan. Zararli ta’sirdan qochish uchun gaz ataylab yoqilgan, ammo u ko‘p qatlamli kon bo‘lgani sababli haligacha yonishda davom etmoqda.
Krater diametri taxminan 60 metr, chuqurligi esa 20 metr. Bu joy rasmiy ravishda “Qoraqum shu’lasi”, norasmiy ravishda esa “Do‘zax darvozasi” deb ataladi va sayyohlik maskaniga aylangan.
Gurbanguli Berdimuhamedov, 2010 yilda va 2022 yilda bu gaz kraterini o‘chirishni buyurgan. Sababi — aholining salomatligi, ekologik xavfsizlik, va iqtisodiy isrofgarchilik. Prezident fikriga ko‘ra, tabiiy gazdan eksportda foydalansa bo‘lardi, biroq u hozirgacha havoga yoqib yuborilmoqda.
Bu holat energiya resurslarini samarali boshqarish, ekologik xavfsizlik, va iqtisodiy manfaatlar nuqtai nazaridan dolzarb masalaga aylangan.