Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi (IIBB) xabariga ko‘ra, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining qaroriga binoan, 2025-yil 6-iyun kuni Qurbon hayiti nishonlanadi va shu kuni poytaxtdagi 122 ta masjidda hayit namozi o‘qilishi rejalashtirilgan.
Hayit namozini tartibli va xavfsiz o‘tkazish maqsadida, 6-iyun soat 00:00 dan 08:00 ga qadar bir qator ko‘chalarda avtotransport vositalari harakati vaqtincha cheklanadi.
Cheklovlar quyidagi hududlarni qamrab oladi:
Mirzo Ulug‘bek tumani — “To‘ra buva” masjidi oldidagi Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasining Sho‘rtepa ko‘chasidan Sultoniya ko‘chasigacha bo‘lgan qismi.
Bektemir tumani — “Xo‘ton” masjidi oldidagi Bektemir shoh ko‘chasi.
Olmazor tumani — “Islomobod”, “Hazrati imom”, “Do‘stjonboy” masjidlari atrofidagi KXAY, Sag‘bon, Qorasaroy, Keles yo‘li ko‘chalari.
Shayxontohur tumani — “Shayx Zayniddin”, “Xo‘ja Allambardor”, “Kox ota” masjidlari yaqinidagi Ko‘kcha Darvoza, Kamolon, Sebzor ko‘chalari.
Chilonzor tumani — “Ubay ibn Ka’b”, “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf”, “Novza” masjidlari oldidagi Al Xorazmiy, So‘galli ota va Bunyodkor ko‘chalari.
Uchtepa tumani — “Abdulloh ibn Ma’sud” va “Hazrati Ali” masjidlari yaqinidagi Lutfiy, Nazarbek ko‘chalari.
Yunusobod tumani — “Minor” va “Mirzo Yusuf” masjidlari yaqinidagi KXAY va Bog‘ishamol ko‘chalari.
Yakkasaroy tumani — “Usmon bin Ma’zun” masjidi oldidagi KXAY ko‘chasi.
Sergeli tumani — “Nurul Islom” masjidi atrofidagi TXAY ko‘chasi.
Yashnobod tumani — “Islom ota” masjidi oldidagi Farg‘ona yo‘li.
Mirobod tumani — “Qo‘yliq ota” masjidi oldidagi TXAY va Munis ko‘chalari.
IIBBning qo‘shimcha qilishicha, hayit tadbirlarini qulay o‘tkazish maqsadida 6-iyun kuni Toshkent shahridagi barcha avtobus yo‘nalishlari va metropoliten harakati soat 03:00 dan boshlanadi.