Vetnam sog‘liqni saqlash vazirligi seshanba kuni mamlakatda 1988-yildan beri amal qilib kelgan ikki farzand siyosatini rasman bekor qilganini e’lon qildi.
Endilikda har bir oila bolalar soni, ularning tug‘ilish vaqti hamda oraliqlarini mustaqil belgilashi mumkin.
Ushbu qaror tug‘ilish darajasining ketma-ket pasayib borayotgani fonida qabul qilindi.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2021-yilda ayol boshiga o‘rtacha 2,11 nafar bola to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2022-yilda bu ko‘rsatkich 2,01 ga, 2023-yilda 1,96 ga, 2024-yilda esa 1,91 ga tushdi. Bu esa aholining o‘zini yangilash darajasi hisoblangan 2,1 dan past.
Demografik tendensiyalar ayniqsa Xanoy va Ho Chi Minh shaharlarida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Rasmiylarga ko‘ra, Vetnam 2007-yildan beri “oltin demografik davr”da bo‘lib, bu davr 2039-yilgacha davom etadi. 2042-yilga kelib mehnatga layoqatli aholining soni cho‘qqiga chiqishi, 2054-yildan boshlab esa pasayishi prognoz qilinmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tanlov asosida homiladorlikni to‘xtatishga qaratilgan choralarni ham ko‘rmoqda. 2024-yilda har 100 qizga 112 o‘g‘il bola to‘g‘ri kelgani qayd etilgan. Rasmiylar jins tanlash uchun sun’iy aralashuv holatlariga qarshi jarimalarni 3,800 AQSh dollarigacha oshirishni taklif qilmoqda.
Vetnam hukumati demografik muvozanatni tiklash va iqtisodiy barqarorlikni saqlash uchun bu o‘zgarishni zarur deb hisoblamoqda.