O‘zbekiston senatori Abdurahim Erkayev mamlakatda sud-huquq tizimiga bo‘lgan ishonch tobora pasayib borayotganini tan oldi. Unga ko‘ra, bu holat xalqaro reytinglarda ham o‘z aksini topgan — mamlakat jahon odil sudlov loyihasining huquq ustuvorligi indeksida besh pog‘onaga pasayib, 83-o‘rinni egallagan.
Erkayev bu haqda Senatning yalpi majlisida chiqish qilarkan, amalga oshirilayotgan sud islohotlarining kutilgan natijani bermayotganini ta’kidladi.“2023-yilda konstitutsiya yangilandi, ko‘plab yangi qonunlar qabul qilindi, hatto advokaturaga oid maxsus bob ham kiritildi. Ammo bu chora-tadbirlar reytingda o‘z aksini topmadi,” dedi u.
Xususan, fuqarolik odil sudloviga erishish bo‘yicha subindeksda O‘zbekiston o‘n pog‘onaga pastlab, 106-o‘ringa tushib ketgan. “Bu — aholi sud qarorlarining kechiktirilishi yoki ijro qilinmasligidan shikoyat qilayotganining, shaffoflik va adolat yetishmayotganining dalilidir,” dedi senator.
Erkaev reytingdagi pasayish sabablari sifatida “telefon huquqi”ning saqlanib qolayotganini, ya’ni sudyalarga turli iltimoslar bilan murojaat qilinishini, korrupsiya holatlarining mavjudligini va ayrim sudyalarning malakasi pastligini ko‘rsatdi.
“Sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi sezilmayapti. Ayrim sohalarda orqaga ketish kuzatilmoqda,” deya qo‘shimcha qildi senator.
Ushbu bayonot ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Mutaxassislar esa sud islohotlarining samaradorligini oshirish, sud tizimining mustaqilligini ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish lozimligini ta’kidlashmoqda.