Hindistonda COVID-19 bilan kasallanish holatlari so‘nggi haftalarda keskin oshdi. Mamlakat sog‘liqni saqlash organlarining 1-iyun kuni ma’lum qilishicha, faol bemorlar soni 3 758 nafarga yetib, o‘tgan 10 kun ichida 14 baravardan ortiq o‘sish qayd etilgan.
Yangi holatlar, asosan, Omikronning yuqori yuqumli LF.7, XFG va JN.1 subvariantlari bilan bog‘liq ekani aytilmoqda. Shunga qaramay, virus ko‘pchilikda yengil kechmoqda, biroq yoshi katta va surunkali kasalliklari bor shaxslar uchun xavf yuqoriligicha qolmoqda.
Kasallanishlar mamlakat bo‘ylab tarqalgan bo‘lsa-da, ayrim hududlarda vaziyat ayniqsa jiddiy. Kerala shtati 1 400 dan ortiq faol holat bilan yetakchi bo‘lib turibdi. Undan keyin Maharashtra (485 holat), Dehli (436), Gujarat (320), G‘arbiy Bengal (287), Karnataka (238), Tamil Nadu (199), Uttar-Pradesh (147) va Rajasthan (62) shtatlari qayd etilgan.
So‘nggi 24 soat ichida to‘rt nafar bemor vafot etgani tasdiqlandi — o‘lim holatlari Kerala, Karnataka va G‘arbiy Bengal shtatlarida ro‘y berdi.
Hindiston hukumati yangi to‘lqinni jilovlash maqsadida aeroportlar, temiryo‘l vokzallari va boshqa gavjum joylarda tekshiruv choralarini kuchaytirdi. Ayrim hududlarda niqob taqish bo‘yicha tavsiyalar yangidan berildi.
Sog‘liqni saqlash mutaxassislari aholiga hushyorlikni saqlash, qo‘llarni yuvish, ommaviy yig‘inlardan saqlanish va revaksinatsiyadan o‘tishni tavsiya qilmoqda.
Kasallik avj olishi fonida tahlil markazlari virus genetikasini o‘rganishni davom ettirmoqda. Mutasaddilar aholini rasmiy manbalarga tayanishga va sog‘liqni saqlash tavsiyalariga amal qilishga chaqirmoqda.