Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumanidagi xususiy bogʻchada 3 yoshli qizaloqning vafoti yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Rasmiylarga koʻra, bola bogʻcha xodimlarining eʼtiborsizligi sababli koʻchaga chiqib ketib, bogʻcha yaqinidagi ariqqa tushib halok boʻlgan.
Holat 20-may kuni sodir boʻlgan. Marhumaning onasi farzandini ertalab bogʻchaga topshirganini, ammo tushga yaqin qayniakasidan qizining tobi yoʻqligi haqida xabar olganini bildirgan. U voqea joyiga yetib borganida, farzandining jonsiz tanasi bilan yuzlashgan.
Bogʻcha tarbiyachisining aytishicha, o‘sha paytda bolalarning yarmi uxlash uchun ichkariga olib kirilgan, qolganlari esa hovlida qolgan. Shu orada qizaloq koʻchaga chiqib ketgan. Natijada u ariqqa tushib, cho‘kib vafot etgan.
Qizaloqning onasi bogʻcha ochilganiga 10 kun boʻlgan vaqtda masʼullarga ariqqa xavfsizlik chorasi ko‘rilmaganini bildirganini, ammo rahbariyat bu masalaga eʼtibor berishni vaʼda qilganini aytgan. Hodisadan soʻng bogʻcha uch kun yopilib, keyin yana faoliyatini boshlagan.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lumotiga ko‘ra, hodisa yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan va maktabgacha ta’lim muassasasi xodimlarining harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida idoraviy xizmat tekshiruvi boshlangan. Hozirda tergovga qadar tekshiruv ishlari davom etmoqda.