Donald Tramp ma’muriyati AQSh elchixonalari va konsulliklariga yangi talabalar vizasi suhbatlarini “keyingi ko‘rsatmagacha” to‘xtatishni buyurdi. Bu chora talabalarning ijtimoiy tarmoq faolligini tekshirish rejasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Manbalarga ko‘ra, barcha yangi arizachilar majburiy skriningdan o‘tadi. Bu esa vizalarni rasmiylashtirish jarayonini keskin sekinlashtirishi mumkin.
“Bu darhol kuchga kiradi,” deyiladi AQSh davlat kotibi Marko Rubio imzolagan ko‘rsatmada. Elchixonalar va konsullik bo‘limlari endilikda F, M va J toifali vizalar uchun yangi intervyularni tayinlamaydi.
Rubioning hujjatida talabalarda aynan qanday ma’lumotlar tekshirilishi ochiqlanmagan. Biroq Trampning terrorizm va antisemitizmga qarshi qaratilgan siyosiy farmonlari asos sifatida tilga olingan.
Bu harakat ko‘plab universitetlarga, ayniqsa chet ellik talabalar hisobiga moliyaviy barqarorlikni ta’minlaydigan oliygohlarga zarar yetkazishi mumkin.
Davlat departamentining ayrim xodimlari esa bu siyosatning noaniq va siyosiy tusda ekanini tanqid qilmoqda. Masalan, talabalar ijtimoiy tarmoqlarda Falastin bayrog‘ini qo‘llab-quvvatlagan postlar tufayli qo‘shimcha tekshiruvga tortilishi mumkin.
Ma’muriyat elit universitetlar, xususan Garvardni “liberal” qarashlar va antisemitizmni rivojlantirayotganlikda ayblab, immigratsiya reydlarini kuchaytirmoqda.
Oldinroq Tramp ma’muriyati Garvard universitetini chet ellik talabalarni qabul qilish huquqidan mahrum etish bilan tahdid qilgan edi.