Rossiyaning Amur viloyatida joylashgan maktab stadionida yuz bergan ommaviy mushtlashuv ortidan 11 nafar O‘zbekiston fuqarosi hibsga olindi.
Hodisa 25-may kuni Svobodnenskiy tumanidagi stadionda ro‘y bergan. Futbol o‘yini davomida har xil jamoalardan kelgan ishtirokchilar o‘rtasida mojaro chiqqan. Mojaro jismoniy to‘qnashuvga aylangan. Natijada 27 yoshli erkak o‘rtacha darajadagi tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.
Huquq-tartibot organlari tomonidan qo‘lga olingan barcha shaxslar mayda bezorilik bo‘yicha ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Sud qaroriga asosan to‘qqiz nafar fuqaro 14 kun, ikki nafari esa 12 kun hibsda saqlanadi.
Shuningdek, qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu modda bo‘yicha aybdor deb topilgan shaxs uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Huquqbuzarlarning ayrimlari aybini tan olib, pushaymonlik bildirgani sababli ularga yengilroq jazo chorasi belgilangani ta’kidlanadi. Biroq jinoyat bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgani jazo og‘irlashtiruvchi holat sifatida ko‘rilmoqda.
27-may kuni Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin Amur viloyatidagi janjal yuzasidan jinoyat ishi ochishni va holat bo‘yicha hisobot taqdim etishni buyurdi.